18:08 / 16.06.2020
14437

«Kerak bo‘lsa, keyingi yil ham imtihonga qo‘yilmaydi» - Musayev testga telefon bilan kirmoqchi bo‘lganlar haqida

«Agar kimdadir telefon aniqlansa, testga yaqinlashtirilmaydi. Kerak bo‘lsa, ular keyingi yil ham imtihonga kiritilmaydi», – dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

Qabul masalalari yuzasidan AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev joriy yilgi kirish imtihonlarining adolatli o‘tishi qay tartibda nazorat qilinishi haqida ma'lumot berdi.

Musayevning ta'kidlashicha, abituriyentlarni imtihonga tekshiruvdan o‘tkazib kiritish masalalari huquqni muhofaza qilish organlar bilan ko‘rib chiqilmoqda.

«Pandemiya sharoitida abituriyentni tekshirish orqali kontaktga kirishish sodir bo‘ladi. Biroq biz ham tekshiruvchini himoya qiladigan, ham abituriyentlarning nazoratini ta'minlaydigan tizim ishlab chiqamiz», – dedi Behzod Musayev.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, imtihon o‘tadigan muddatda barcha mobil telefonlarni o‘chirib qo‘yishning imkoni yo‘q, bu qolgan odamlarga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.

«Mo‘ljalimiz bo‘yicha avgust oyi respublikada to‘liq test oyi bo‘ladi. Shuning uchun hamma telefonlarni o‘chirmagan holda nazoratni tashkil qilamiz. Kattaroq tadbirlarga bizni ham tekshiruvdan o‘tkazib, keyin kiritishadi.

Xuddi shuningdek, ichkariga bekitib telefon olib kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarni aniqlash qiyin emas. Agar kimda telefon aniqlansa, testga yaqinlashtirilmaydi, kerak bo‘lsa, ular keyingi yil ham imtihonga kiritilmaydi», – dedi u.

Behzod Musayev «o‘yin qoidalari avvaldan e'lon qilinishi», qoidabuzarlarga «qattiq chora ko‘rilishi»ni bildirdi.

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top