10:54 / 17.06.2020
4022

Lombard faoliyatini litsenziyalash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi

Lombard faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, lombard boshqaruv organining rahbari lavozimiga tavsiya etiladigan nomzodga qo‘yiladigan talablar kengaytirildi.
 
Norma’ning yozishicha, endi iqtisodiy oliy ma'lumotdan va bank-moliya sohasida 2 yildan kam bo‘lmagan ish tajribasidan tashqari, benuqson ishchanlik obro‘siga ham ega bo‘lish lozim. Tuzatishlarda nazarda tutilgan yagona mezon - sudlanganlik holati bo‘lmasligi kerak.
 
Iqtisodiyot sohasidagi yoki boshqaruv tartibiga qarshi jinoyat uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar benuqson ishchanlik obro‘siga ega emas deb topiladi. Shunday qilib, quyidagi nomzod o‘ta oladi, agar:

avval iqtisodiyot sohasidagi (JKning 164 – 192-11-m.) yoki boshqaruv tartibiga qarshi (JKning 205 – 229-4-m.) jinoyat uchun sudlangan, biroq sudlanganlik tugallangan yoki olib tashlangan bo‘lsa. Sudlanganlikni tugallash yoki olib tashlash tartibi Jinoyat kodeksining 78-80-moddalarida bayon etilgan;

boshqa sohalardagi jinoyat uchun (masalan, shaxsga qarshi, tinchlik va xavfsizlikka qarshi, ekologiya sohasidagi va h.k.) sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmaganda.
 
Avval jinoiy javobgarlikka tortilganligi, shu jumladan sudlanganlik tugallanganligi va olib tashlanganligi haqidagi ma'lumotlar sudlanganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomada ko‘rsatiladi. 
 
Bu nimalarga ta'sir ko‘rsatadi? Lombard boshqaruv organlarining tuzilmasi va xodimlar tarkibi to‘g‘risidagi ma'lumotlar litsenziyalovchi organga – Markaziy bankka hujjatlar paketi bilan birga taqdim etiladi. Tegishincha, mazkur ma'lumotlar talabgorga litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilinishida hisobga olinadi.
 
Hujjat 15.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Top