01:17 / 19.06.2020
19202

«Byuroga yuklatilgan vazifalar amalda bajarildi». MIB o‘zining qator vakolatlari boshqa tashkilotlarga o‘tkazilayotganiga munosabat bildirdi

Majburiy ijro byurosi 1 avgustdan byuroning qator vakolatlari boshqa tashkilotlarga o‘tkazilayotgani yuzasidan munosabat bildirdi.

Foto: Majburiy ijro byurosi

“Byuro organlari tashkil etilganidan buyon hozirga qadar energiya resurslari, suv iste'moli va qattiq maishiy chiqindilar sohasida 94,3 trln so‘m undirildi (shundan elektr energiyasi – 45,8 trln, tabiiy gaz – 46,1 trln, ichimlik suvi – 1,9 trln, maishiy chiqindi – 0,4 trln). O‘tgan davr ichida energiya resurslari va suv ta'minotidan noqonuniy foydalanish hamda talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq 1,2 trln so‘mlik zarar aniqlanib, 1046 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Majburiy ijro byurosiga yuklatilgan vazifalar amalda bajarildi va uni endilikda mamlakatimizda yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta'minlash borasida davlat siyosatini amalga oshirib kelayotgan Energetika vazirligi zimmasiga o‘tkazish vaqti kelgan edi», deydi MIB axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov.

Uning qayd etishicha, byuro organlari tomonidan to‘lov intizomini mustahkamlash yo‘lida qilingan ishlar natijasida fuqarolarda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, to‘lov intizomiga rioya qilish madaniyati shakllana boshlagan.

«Endilikda, ushbu vazifalar Energetika vazirligi tomonidan tizimli ravishda olib boriladi deb hisoblaymiz. Chunki keyingi yillarda ushbu vazirlikda bir qator ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi.  

Energetika sohasini isloh qilish maqsadida «O‘zbekenergo» AJda tubdan qayta qurish amalga oshirildi. «O‘zbekenergo» AJ negizida uchta: «Issiqlik elektr stansiyalari«, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, tashish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy usullariga o‘tildi.

Shu o‘rinda aholi yaxshi bilishi lozimki, Majburiy ijro byurosi zimmasidagi elektr va gaz uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida hamda undirib olish bo‘yicha vazifalar – Energetika vazirligiga joriy yilning 1 avgust kunidan o‘tkaziladi. Bungacha bo‘lgan davrda Majburiy ijro byurosi bu yo‘nalishda o‘z ishini davom ettiradi», deydi Farrux Toshpo‘latov.

Avvalroq, prezident farmoniga muvofiq, 2020 yil 1 avgustdan Majburiy ijro byurosining qator vakolatlari tegishli tashkilotlarga o‘tkazilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top