20:16 / 19.06.2020
11514

«Doimo yosh gimnast» – sport jamoatchiligi Oksana Chusovitinani tabriklamoqda

Bugun o‘zbekistonlik afsonaviy sportchi, 7ta olimpiada o‘yinlarida qatnashgan dunyodagi yagona sportchi Oksana Chusovitina 45 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan dunyo sport jamoatchiligi uni tabriklamoqda.

Foto: Belga Image

The Times Hub gazetasining saytida Chusovitinaning tug‘ilgani kuniga bag‘ishlab u haqda maqola e'lon qilindi. «Doimo yosh gimnast. Tom Kruz bilan uchrashuvni kutayotgan Chusovitina 45 yoshda. Ammo u 8-olimpiada o‘yinlari tomon ketmoqda» sarlavhali maqolada xususan shunday deyilgan: «Sobiq ittifoq vaqtida sovrinlar yutishni boshlagan Chusovitina 2018 yilda Osiyo o‘yinlarida ham sovrindor bo‘ldi».

Chusovitinaning instagramdagi sahifasida sport olamidagi mashhurlar tomonidan tabriklar yo‘llanmoqda. Rossiyalik mashhur sport jurnalisti Dmitriy Guberniyev, belaruslik uch karra olimpiada chempioni Svetlana Boginskaya (O‘zbekistonda murabbiy bo‘lib ham ishlagan), gimnastika afsonasi ruminiyalik besh karra olimpiada chempioni Nadya Komanechi instagram sahifalarida Chusovitinani tabriklashgan.

Ma'lumot uchun, Oksana Chusovitina 1992 yilgi Barselona olimpiadasi chempioni hisoblanadi. U faoliyati davomida uch marta jahon chempioni, ikki marta Osiyo o‘yinlari g‘olibi, bir marta Yevropa chempioni ham bo‘lgan.

Olimpiada o‘yinlarida qatnashish bo‘yicha jahon rekordchisi hisoblangan Chusovitina 2019 yil 12 oktabr kuni Germaniyadagi jahon chempionatida Tokio olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan va bu afsonaviy sportchining sakkizinchi olimpiadasi bo‘ladi.

Kun.uz muxbiri Oksana Chusovitina bilan bog‘lanib, uni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi va rejalari bilan qiziqdi. Chusovitina olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlikni davom ettirayotganini ma'lum qildi.

Top