17:32 / 19.06.2020
7344

Lukashenko XVJ koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha nomaqbul talablarni qo‘yganini aytdi

Belarus aprel oyi boshida koronavirus oqibatlariga qarshi kurash doirasida XVJga 900 mln dollar kredit taqdim etishini so‘rab murojaat qilgandi.

Foto: Nikolay Petrov/TASS

Belarus Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) 940 mln dollarlik tezkor kredit taqdim etish doirasida qo‘yilayotgan talablarini bajarmaydi, dedi respublika prezidenti Aleksandr Lukashenko.

"Belarusga 940 mln dollarlik tezkor moliyalashtirish taqdim etish imkoniyati haqida gapirilgandi. Bu qanday hal etiladi?" – deb savol berdi Lukashenko. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, kredit berishdagi qo‘shimcha shartlar mamlakat uchun qabul qilib bo‘lmaydigan hisoblanadi.

"Talab paydo bo‘ldi: koronavirusga qarshi kurashda xuddi Italiya kabi yo‘l tutinglar. Xudo ko‘rsatmasin, Belarusda ham Italiyadagidek holat takrorlanishini istamayman. Bizning o‘z mamlakatimiz bor va vaziyat ham o‘zimizniki", - dedi Lukashenko.

"XVJ karantin, izolyatsiya, komendantlik soati joriy etishimizni talab qilyapti. Bu qanday bema'nilik? Biz hech kimning nog‘orasiga o‘ynamaymiz", - deb ta'kidladi Belarus prezidenti.

Belarus aprel oyi boshida koronavirus oqibatlariga qarshi kurash doirasida XVJga 900 mln dollar kredit taqdim etishini so‘rab murojaat qilgandi. Jamg‘arma bu borada hozircha ijobiy qaror chiqargani yo‘q.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top