00:53 / 19.06.2020
63860

Putinni sudga bergan sobiq gubernator vafot etdi

Rossiyaning Chuvashiston respublikasi sobiq gubernatori Mixail Ignatev vafot etdi. Bu haqda o‘z manbalariga asoslanib «Interfaks» xabar tarqatdi.

Foto: TASS

«Ignatev vafot etdi, unda koronavirus aniqlangandi», degan nashrning respublika administratsiyasidagi manbasi. «Interfaks» hozircha ma'lumot rasman tasdiqlanmaganini ma'lum qilgan.

Ignatev 2012 yil 1 yanvarda Chuvashiston prezidenti bo‘lgan. 2015 yil 9 iyunda Vladimir Putin Ignatevni Chuvashistonning vaqtincha rahbari etib tayinlagan va u o‘sha yili 13 sentabr kuni saylovda 65,54 foiz ovoz to‘plab ikkinchi muddatga saylangan.

2020 yil yanvar oyida Ignatev ikkita mojaro markazida qoldi. Avvaliga u boshqa yerdan kelgan bloger va jurnalistlarning «surobini to‘g‘rilab qo‘yish kerak», degani uchun tanqidlarga sabab bo‘lgandi. Keyinchalik Ignatev yangi o‘t o‘chirish texnikasini topshirish vaqtida FVV xodimiga nisbatan kamsituvchi harakat qilgach, internetda ko‘p tanqid qilindi.

29 yanvar kuni Ignatev «prezident ishonchini yo‘qotgani uchun» ishdan olindi. Ko‘p o‘tmay u Vladimir Putin ustidan sudga arz qilgandi.

Top