23:20 / 19.06.2020
21143

«Xalqimiz aziyat chekmoqda» - Norboyeva hokimlar yiliga mingdan ortiq noqonuniy qarorlar chiqarayotgani haqida

2019 yilda O‘zbekistondagi sudlar tomonidan ko‘rilgan 3 mingta ishning 1255tasida (42 foiz) hokimlarning qarorlari noqonuniy deb topilgan.

Foto: Oliy Majlis Senati Axborot xizmati

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva palataning 5-yalpi majlisida shu haqda to‘xtalib o‘tdi.

«Hokimlik tuzilmasida ishlaydigan mutasaddi rahbarlar noqonuniy qarorlar tayyorlab, hokimlarga imzoga berishgan. Mana, sudda 42 foizi [noqonuniy deb topilgan].

Eng achinarlisi, buning oqibatida xalqimiz aziyat chekmoqda, qanchadan qancha vaqt, qanchadan qancha asab, qanchadan qancha mablag‘ sarflanyapti», – deya Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq berilgan ma'lumotga ko‘ra, 2020 yilning yanvar-fevral oylarida hokimlar chiqargan qarorlar yuzasidan sudlarda 552ta ish ko‘rilgan bo‘lib, ularning 248tasi (45 foizi) qanoatlantirilgan.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyevga ko‘ra, murojaatlar soni 10 foizga, hokimlarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish 3 foizga ko‘paygan.

Xususan, ko‘plab holatlarda tuman va shahar hokimlari tomonidan yer uchastkalari qonunga zid ravishda olib qo‘yilmoqda.

«Eng muhimi, bunga huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan o‘z vaqtida munosib e'tibor berilmagan.

Mulkdorlarning mulki musodara qilinishi haqida ogohlantirishning 6 oylik muddatiga rioya qilmaslik, mulkchilik obekti uchun kompensatsiya mablag‘larini to‘lamay yoki qiymati bo‘yicha teng mol-mulkni taqdim etmay majburan chiqarib yuborish odatiy holga aylangan», – degandi Shuhrat Cho‘lliyev.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning aytishicha, 2019 yilda adliya organlari tomonidan davlat idoralarida 181ta noqonuniy hujjat to‘xtatib qolingan, 3000ga yaqin hujjat bekor qilingan.

Mavzuga oid
Top