13:10 / 20.06.2020
76145

Parvozlar tiklanmoqda, lekin javobsiz qolayotgan savollar bisyor

Pandemiya sababli parvozlar to‘xtatilishi natijasida pasayish yuz bergan jahon aviatashuvlar sohasi asta sekinlik bilan tiklana boshladi. Agar cheklovlarga qadar butun dunyo bo‘yicha sutkasiga 181 mingtagacha reys amalga oshirilgan bo‘lsa, 17 iyun holatiga reyslar soni sutkasiga 118 mingtagacha yetdi. Bu jahondagi aviatashuvlar 65 foizga tiklanganini anglatadi.

Foto: KUN.UZ

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston ham 15 iyundan xalqaro aviaqatnovlarni qisman tiklay boshladi, xorijdan keluvchi reyslar ham «yashil», «sariq» va «qizil» reyslarga ajratildi. Yo‘lovchilarga ham, aviatashuvchilarga ham qator talablar qo‘yildi.

Bir qarashda hammasi risoladagiday, tartiblarga amal qilinadi va uchib ketilaveradi. Ammo qator savollar borki, ularning javobi yo o‘ta mavhum berilmoqda, yoki ochiq qoldirilmoqda.

Misol uchun:

  • Ruxsat berilganlar ro‘yxatida davolanish uchun kelayotgan (chiqayotgan) va xorijda yaqin qarindoshlari yoxud og‘ir kasal bo‘lgan qarindosh-urug‘lari mavjud bo‘lgan shaxslar ham bor. Ular buning uchun qanday hujjatlarni qaysi tashkilotga taqdim etishlari va qay tartibda ruxsat olishlari lozim?
  • Dastlabki bosqichda umumiy reyslarning necha foizini tiklash rejalashtirilgan? Qachon xorijiy muntazam reyslarga barcha kassalarda chiptalar sotuvi boshlanadi?
  • Ruxsat berilganlar toifasiga yana “O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy davlat fuqarolari, doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, xorijiy davlatda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston fuqarolari” deyilgan. Bu xorijiy davlatlarda vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan yoki nolegal maqomiga tushib qolganlarga ruxsat berilmasligini anglatadimi?
  • Samolyotlar bu qadar cheklovlar bilan uchirilishi parvozlarni oqlaydimi, ya'ni «Uzbekistan Airways» chiptalari sotilmay qolish xavfi tug‘ilmaydimi?
  • Karantin davridagi xalqaro parvozlar uchun yo‘lovchilar joylashuvi bo‘yicha nizom ishlab chiqilganmi? Avval xabar berilgan “3 qatorlik cheklov”, ya'ni uchtalik o‘rinlarda faqat bir kishi o‘tiradigan cheklovga amal qilinadimi?
  • Ichki reyslarda karantin qoidalariga qat'iy amal qilinishi belgilangandi. Ammo nega bu reja amalga oshmadi (Urganch - Toshkent yo‘nalishidagi holat misol bo‘la oladi)?
  • Eng muhimi, dunyoning ko‘plab davlatlari karantin sharoitiga moslashdi, tavakkal qilib aviaqatnovlarni tiklamoqda. Qachon O‘zbekiston fuqarolari va yurtimizga keluvchilar erkin tarzda aviachipta xarid qilib, bemalol parvoz qila boshlaydilar? Axir koronavirusning butkul yo‘qolib ketishini kutishda mantiq yo‘qligi ayon bo‘lmoqdaku.

Shu va boshqa savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligiga bir necha marta murojaat qildik. Ammo birorta javob ola bilmadik. Vazirlik matbuot xizmati mavzu yuzasidan maxsus brifing uyushtirishga va'da berdi, hatto bu tadbir muddati belgilandi ham. Lekin o‘zlariga ma'lum sabab bilan brifing o‘tkazilmadi. Tayyorligi aytilgan bitta bayonotni o‘qib, hech bo‘lmasa eng muhim savollarga javob berishning imkoni topilmadi. Qoldirilgan brifing yaqin kunlarda o‘tkazilishi haqida bildirishdi, ammo bu ham amalga oshmadi.

Dilni eng xira qiladigani joyi, aviaqatnovlar tiklanayotganidan xabar topgan xorijdagi yurtdoshlarimiz va og‘ir kasallik tufayli yoki muhim ishlari bilan chet elga chiqishni intiqib kutayotganlar har kuni murojaat qilishda davom etmoqdalar.

Katta ehtimol bilan transport vazirligi bu masalaga maxsus komissiya qarorlari zarurligi, ularsiz harakat qilish vakolati yo‘qligi bilan javob beradi. Ammo hammamizga ma'lumki, maxsus komissiya zarurat tufayli, tezkorlik bilan tuzilgan. Uning qarorlari qonunlardan ustun emas va vaqtincha xarakterga ega. Qolaversa, bu komissiyaga vazirlik tomonidan vaziyatdan chiqish borasida aniq takliflar berilsa, rad qilinmasa kerak. Hech bo‘lmaganda, tug‘ilgan savollarga oydinlik kiritib, kelajakdagi rejalar bilan o‘rtoqlashishning iloji bor edi.

Nachora, har doimgidek kutamiz...

Abror Zohidov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top