21:32 / 21.06.2020
45314

«Bolamni eson-omon qo‘limga olsam deyman». Sochiga oq oralamay uch farzandining dog‘ini ko‘rgan ona hikoyasi

Foto: Pixabay

Onalik bebaho ne'mat. Har bir ayol shirin-shakar farzandlarni dunyoga keltirishni, ularga baxt berishni xohlaydi. Kimgadir bu nasib qilgan, yana kimlardir tirnoqqa zor. Samarqandning olis qishloqlaridan birida yashovchi Mehriniso Bahromova ham barcha ayollarga o‘xshab sog‘lom farzand dunyoga keltirishni xohlaydi. Ammo bu hamma uchun ham oson kechmas ekan. Sochiga oq oralamay farzand dog‘i nima ekanini uch martalab ko‘rgan onaning hikoyasi barchamizni mulohaza qilishga undaydi.

«Yoshim 39 yoshda. Turmush qurganimga 11 yil bo‘ldi. Bir nafar qizim bor. Bu yil maktabga chiqadi. Qizimdan oldin tug‘ilgan uch farzandim bir hafta ham yashamay nobud bo‘lgan. Qonimda torch infeksiyasi bo‘lganligi uchun farzandlarimdan ajralib qolganman. 3 oydan so‘ng yana farzandli bo‘lish arafasidaman. Juda qo‘rqoq bo‘lib qolganman: bunisini ham asrab qololmasam-chi? 7 yoshli qizimga homiladorlik vaqtimda erim bilan to‘liq muolajalarni olib davolanganmiz. Hozirgisini ham sog‘lom dunyoga keltirishim uchun shifokorlar davolanishimni aytishyapti. Ammo...

«To‘yni qaytarmoqchi bo‘lganman»

2009 yil turmush qurdim. Boshida bunga qarshi bo‘lganman. Chunki unashtirilganimdan keyin erimning qo‘lida nuqsoni borligini bilib qoldim. Eshitishimcha, erim bolaligida yong‘oq daraxtiga chiqib, yiqilib tushgan ekan. Shuning asorati tufayli bir qo‘lini mustaqil harakatlantirolmaydi. Bo‘lgan voqeadan xabar topgach, ota-onamga aytganman. Lekin ular gap-so‘zga qolmaslik uchun to‘yni qaytarishmadi. Shu tariqa to‘yimiz bo‘ldi. Qaynona-qaynotam ancha yillar avval vafot etishgandi. Erim II guruh nogironi, shu sababli og‘ir ishlarni qilolmaydi.

Erimning bu holatiga ham ko‘nika boshladim. Taqdirim shu ekan deb yorug‘ kunlarga ishonch bilan yashadim. 2010 yil o‘g‘il farzandli bo‘ldim. Afsuski, tug‘ilganidan 3 kun o‘tib nobud bo‘ldi. Shundan keyin Samarqand shahriga borib, skrining markazida qon topshirdim. Menda torch infeksiyasi aniqlandi. Aynan shu bolaning nobud bo‘lishiga olib kelgan ekan. Infeksiya menda qanday paydo bo‘lganini ham bilmayman. Balki... turmush o‘rtog‘imdan yuqqandir, anig‘ini bilmayman. Tekshiruvdan o‘tgach, davolanishim kerakligini aytishdi. Sharoitimiz tufayli davolanishga imkoniyat topolmadik. 2 yildan keyin esa qizli bo‘ldim. Unda ham birinchi farzandimga o‘xshagan alomatlar bor edi. Tuman tug‘ruqxonasida malakali shifokorlar bo‘lmagani uchun qizimni Samarqand shahriga shifokor ko‘rigiga olib bormoqchi bo‘ldik. Yo‘lda ketayotganimizda u ham nobud bo‘ldi...

O‘sha paytda nimalarni his qilganimni tasvirlash juda qiyin. Dushmanimgayam ravo ko‘rmayman bu kunlarni. 2013 yil yana qizli bo‘ldim. Xudoga shukurki, u sog‘lom tug‘ildi. Hozir 7 yoshga kirdi. Bu qizimga homilador bo‘lganimda, ota-onam o‘zlari meni Samarqandda  davolatishdi. Vaqtida muolajalarni oldik. 2015 yil yana farzandli bo‘ldim, bunisi ham avvalgilari kabi yashamadi.

«Ketma-ket judolikdan keyin ajrashmoqchi bo‘ldim»

Farzandlarimdan ketma-ket ayrilavergach, turmushimdan ajrashish fikri xayolimga kelaverardi. Erimga bu haqida ko‘p marta aytganman. Sabr qilishimni, hammasi yaxshi bo‘lib ketishini aytib, dalda berardi. «Ota-onam yo‘q, shunday holimda tashlab ketasanmi?», degandi o‘shanda. Ikkimiz ham boshqa turmush qilsak, hammasi iziga tushib ketar, deb ham o‘yladim. Bir tarafdan farzandsizlik, yana boshqa tarafdan esa erimning nogironligi adoyi tamom qilardi. Turmush o‘rtog‘imni davolatish uchun ham o‘zim harakat qildim. Operatsiya qildirish uchun uydagi chorva mollarini ham sotdik. Deyarli hech narsamiz qolmadi. 4 marta operatsiya bo‘lganidan keyin ham erimning axvoli o‘nglanmadi. Aksincha, kundan-kunga og‘riqlar ko‘paymoqda.

Hozir erim bir qo‘lini deyarli ishlatolmaydi, qo‘lining ichki qismiga suyakni ushlab turuvchi temir o‘rnatilgan. Doimiy og‘riqlarni ozroq bo‘lsa-da yengillatish uchun har doim qo‘liga spirt suradi, og‘riq qoldiruvchi dori ichib yuradi.

«Odamlarning uyida mayiz terdim, no‘xat yuldim»

Uyimiz oldida kichik yerimiz bor, kartoshka, piyoz, ko‘katlar, pomidor, bodring ekkanmiz. Erim shu yerda ish qilishga yordam beroladi faqat. Ro‘zg‘orni kimdir tebratishi kerak. Faqat nogironlik nafaqasi bilan yashab bo‘lmaydi axir. O‘tgan yili butun yoz davomida odamlarning dalasida no‘xat yuldim. Kuzda esa sovuq uylarda mayiz terdim. Qizim ham yonimda edi. Sovuq qattiq ta'sir qilgani uchun qizimning ikki buyragi shamollab qoldi. Ancha vaqt davolatganimizdan keyingina hammasi yaxshi bo‘ldi.

«Qo‘rqoq bo‘lib qolganman»

Mayli, qiyinchiliklar o‘tadi-ketadi. O‘tayotgan kunimdan nolimayman. Meni hozir faqat bir narsa – tug‘ilajak farzandimning sog‘lig‘i o‘ylantiradi. Uni eson-omon qo‘limga olsam, deyman. Shifokor qonimdagi infeksiya tufayli yana homilam tushish ehtimoli borligini aytdi. Dorilar yozib berdi, ularni dorixonadan qarzga bo‘lsa ham olib ichyapman. Beshinchi farzandimga homiladorman. Juda qo‘rqoq bo‘lib qolganman. Bunisi ham yashab ketarmikin, degan o‘y hecham tinchlik bermayapti...

«Inson baxti farzand bilan ekan»

Bolalarim ketma-ket nobud bo‘laverganidan keyin juda siqilib qolgandim. Kun bo‘yi faqat yig‘lab o‘tirardim. Ko‘pchilikka qo‘shilolmay qolarkansiz. Kimdir bolang yo‘q, deb aytishidan qo‘rqardim. Qizim tug‘ilgach, oz bo‘lsa-da, dardlarimni unutdim, u yagona ovunchog‘im bo‘lib qoldi. Ba'zida nega men bittaman, aka-singlim yo‘q, qachon chaqaloq olib kelasiz, degan savollarni beradi.

Tirikchilik oydan oyga, nafaqadan nafaqagacha...

Tomorqamizda sabzavot ekkanmiz, hali pishishiga ozroq vaqt bor. Ungacha sotib olishga majburmiz. Oziq-ovqat olish uchun bozorga umuman bormaymiz. Bu yil hisobidan umuman bozorga bormadik ham. Uyimiz yaqinida do‘kondan qarzga narsa olamiz. Nafaqa puli olgach, qarzlarni to‘laymiz. Shu tariqa u oydan bu oyga o‘tib olamiz...

Har oyda bir qop un sotib olamiz. Un xaltamiz yarimlab qolganda, o‘ylanishni boshlaymiz. Erim hazil aralash «Ko‘p non yemadim-ku, darrov un tugab qolyaptimi?», deb qoladi. Karantin vaqtida un narxi odatdagidan-da qimmat bo‘ldi. To‘g‘risini aytganda, go‘sht olib yeyishga sharoitimiz yo‘q. Oxirgi marta qachon go‘sht yeganimizni eslolmayman. Asosan, kartoshka, piyozdan ovqat qilamiz. Hovlida o‘sib turgan ko‘katlarni ishlataman. Ro‘zg‘orda hech narsamiz qolmagan vaqt tez-tez bo‘lib turadi. Men, erim ikkalamiz chidaymiz, ammo qizim ovqat so‘ragan paytlarda ba'zida majburligimdan qo‘shnilarnikiga borib o‘ynab kel, deb jo‘natardim. O‘sha yerda bolalar bilan qo‘shilib, ovqat yeb kelardi-da...

Muhtojlik tufayli ajrashish fikri ko‘p xayolimdan o‘tgan. Qizim otasiz qolishidan, kun kelib qilgan ishim uchun meni ayblashidan qo‘rqaman. Nima ham qilardim, boriga qanoat qilib yashayman. Bu kunlar ham ortda qolishiga ishonaman».

Qadrli o‘quvchi, bu hikoyani o‘qiyotganda yoningizda bolalaringiz salomat bo‘lsa, yeyishga yeguligingiz bo‘lsa, to‘rt muchangiz sog‘ bo‘lsa, bilingki, siz dunyodagi eng baxtli odamsiz. Farovon va to‘kin-sochin hayotimizda yashab turib ham nolib qo‘yayotganimizda atrofimizda to‘yib ovqatlanmaydiganlar, uyida yeguligi qolmay bolasi nimadir yeb kelar degan umidda qo‘shnisinikiga o‘ynagani chiqarib yuboradiganlar borligini unutmaylik.

Shu o‘rinda yapon adabiyotidagi eshik haqidagi hikoya esga tushadi. Hikoyada bir ayol bolasi bilan yolg‘iz yashaydi. U yomg‘ir yoqqanda farzandi bilan tomidan chakki o‘tadigan katalakdek uychasining eshigini devorga tirab uning ostida tun o‘tkazadi. Yomg‘irli kunlarning birida bolakay «Onajon, bizni-ku yomg‘irdan eshik himoya qilyapti, lekin eshigi yo‘qlar nima qiladi?», deydi. Ha, sabrli yapon xalqining o‘sha bolasi onasi u uchun dunyodagi eng yaxshi oshyonni yaratib berganiga ishonadi.

Bizning atrofimizda ham mobil ilova orqali o‘tirgan joyda ovqat buyurtma qilishni tasavvur ham qilolmaydigan, to‘yib yog‘von yesa, bayramdek xursand bo‘ladiganlar qancha. Shu uchun ko‘proq atrofimizga qaraylik, mulohaza qilaylik, shukr qilaylik va qo‘limizdan kelsa, odamlarga yordam beraylik...

Kun.uz muxbiri Muhabbat Ma'mirova tayyorladi

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top