22:10 / 21.06.2020
44394

Ikki oy «yashil» bo‘lib turgan Pekin virusning yangi o‘chog‘i. Hukumat qanday choralar ko‘rmoqda?

Iyun oyi o‘rtalarida 20 million kishi yashaydigan Pekin shahri koronavirusning yangi o‘chog‘iga aylandi. So‘nggi kunlarda Xitoy poytaxtida  muntazam ravishda aholi orasida yangi holatlar aniqlanmoqda. Xitoy hukumati shaharga kirib-chiqishni butunlay yopgan, Pekinga yaqin shaharlarda ham harakatlanish cheklovlari joriy qilinmoqda. Pekindan boshqa shaharlarga borgan fuqarolar aniqlanib ular karantinga joylashtirilmoqda.

Foto: Getty Images

Pekin aholisi to‘liq testdan o‘tkaziladimi?

Pekindagi vaziyat haqida turlicha fikrlar bildirmoqda. Shahar aholisini to‘liq koronavirusga testdan o‘tkazish kerakligi haqida takliflar ham mavjud. Xitoy kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi katta epidemiologi Tszen Guan esa Pekin «ikkinchi Uhan» bo‘lmasligi va poytaxt aholisini ommaviy test qilishga zarurat yo‘qligini qayd etgan.

«Hozircha ikkinchi to‘lqin sodir bo‘lishi haqida faktlar mavjud emas, bu shunchaki shartli taxmin. Ikkinchi to‘lqin bo‘lish-bo‘lmasligi biz qiladigan profilaktik tadbirlarga bog‘liq. Keyingi kunlar davomida kasallanganlar soni o‘sishi mumkin, biroq keyin virus nazorat ostiga olinadi va to‘lqin pasayadi. Pekin «ikkinchi Uhan»ga aylanmaydi, virus boshqa shaharlarga o‘ta boshlaganidan keyin hududni yopishga to‘g‘ri keldi, xolos», degan u.

Tszen Guanning hamkasbi, Xitoy kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi yetakchi epidemiologi U Tsunyu ham Pekin aholisini to‘liq testdan o‘tkazish shart emas deb hisoblaydi.

«Pekin shahrida keng miqyosda test sinovlarini o‘tkazish shart emas. Testni shaharning yuqori tahlikali hududlarida o‘tkazish kifoya. O‘n millionlab test sinovlarini o‘tkazishga hojat yo‘q», dedi u Xitoy markaziy televideniyesi orqali qilgan chiqishida.

Pekindagi holat qanday?

Bozor atrofidagi hududlar qat'iy karantinda / EPA

Pekin shahar ma'muriyati koronavirusning yangi to‘lqini tarqalayotgani sababli 19 iyundan boshlab shaharga kirish va chiqishni cheklagan. Shuningdek, viloyatlar o‘rtasida avtobus qatnovi ham to‘xtatildi. Aholi boshqa hududlarga borishda faqat havo transporti va poyezddan foydalanishi mumkin.

Pekinda Uhandagi kabi transport cheklovi to‘liq joriy qilinmagan, lekin holat o‘xshash. Pekin barcha shaharlararo avtobus qatnovlarini to‘xtatdi. Avtovokzallarda «Maxsus komissiya qarorisiz Pekinga kirish va chiqish cheklanadi» degan e'lonlar yozib qo‘yilgan. Shahardagi avtoshohbekatlar allaqachon bo‘shab qolgan. Aeroportlarda ham odam uncha ko‘p emas. Xitoy poytaxtiga kelayotgan va undan uchayotgan ichki reyslar soni keskin kamaygan.

Pekinni tark etish quyidagi toifadagi fuqarolar uchun taqiqlanadi: Covid-19 yuqtirganlar, ular bilan yaqin muloqotda bo‘lganlar, shuningdek, kasallik tashqi alomatlarsiz kechayotganlar, harorati ko‘tarilgan va «Sinfadi» bozoriga tashrif buyurganlar. Kasallik yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda yashaydigan har bir kishiga shahardan chiqish taqiqlangan.

Shaharning qolgan barcha aholisiga faqat favqulodda holatlarda, unda ham koronavirus uchun test natijasi manfiy chiqqani haqidagi ma'lumot bilan Pekindan chiqishga ruxsat beriladi. Bugungi kunda Xitoy poytaxtida kasallik tarqalishi mumkin bo‘lgan xavfli hududlarda har kuni 400 mingga yaqin test tahlillari olinmoqda.

«Dastlab men shaharga kirib-chiqayotgan fuqarolar tufayli kasallik tez tarqaladi va Pekin aholisining katta qismi tez fursatda virus yuqtiradi deb o‘yladim. Adashgan ekanman, hukumat ishlarni juda tez va tartib bilan tashkillashtirgani sabab virus tarqalishi nazoratga olindi», deydi poytaxt fuqarolaridan biri.

Pekinda so‘nggi kunlarda har kuni 20-30ta infeksiya yuqtirish holati qayd etilmoqda. Shahar ko‘p millionli megapolis ekanini inobatga olsak, aniqlanayotgan bemorlar soni AQSh va Yevropadagidan ancha past darajada deyish mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, so‘nggi ikki oy davomida Pekinda kasallik mutlaqo aniqlanmagan va shahar xavfsiz hudud bo‘lib qolayotgandi.

Xitoyliklar qattiq nazorat va tartib-intizomga bo‘ysunib yashashiga qaramay, virus qaytadan aniqlana boshlashi salbiy holat hisoblanadi. Qolaversa, kasallikning aholi orasidan aniqlangani xavotirlarni yanada kuchaytiradi. Shunday bo‘lsa-da, Pekin ma'muriyati tushkunlikka tushmay, o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar sabab qisqa vaqtda kasallik manbasini aniqlab, uni to‘sib qo‘ydi. Bu esa virus avj olib ketishining oldini oldi.

Pekinda ko‘plab kvartallar qattiq nazorat ostida qolmoqda. Barcha ko‘p qavatli uylar, mahallalarning kirib chiqish joylarida o‘tib-qaytish faqat ruxsatnoma bilan amalga oshirilmoqda. Shahardagi maktablarda darslar boshlanmasdan, yana qoldirildi. Shu bilan birga, shifokorlar infeksiya manbasini maksimal aniqlashga harakat qilmoqda. Shaharda o‘ziga xos yangi to‘lqinda ilk kasallik aniqlangan bemor haqida yetarli ma'lumot to‘plangan: u «Sinfadi» bozoridan boshqa hech qayerga bormagan, hech kim bilan o‘zaro muloqotda bo‘lmagan.

Bu orada «Sinfadi» bozorida baliqlar orqali virus tarqalgan degan gap ham chiqdi. Xitoylik epidemiologlar esa gap baliqlarda emasligini aytishmoqda. Virus nafaqat baliqlarda, balki boshqa mahsulotlarda ham bo‘lgan. Shu tufayli, bugun Pekindagi do‘konlar va umumiy ovqatlanish joylarida barcha mahsulotlar tekshiruvdan o‘tkazilyapti. Chunki do‘konlarning 80 foizi «Sinfadi» ulgurji bozoridan mahsulot olib sotadi.

Bugun Xitoy poytaxti ma'muriyati oldida yana bir qiyin vazifa – oziq-ovqat inqirozining oldini olish masalasi turibdi. Megapolisni xavfsiz oziq-ovqat bilan ta'minlash oson bo‘lmaydi. Endi poytaxtga turli oziq-ovqat mahsulotlari kasallik aniqlangan hududlarni chetlab o‘tib, boshqa viloyatlardan olib kelinmoqda.

Pekinda aniqlangan virus koronavirusning yangi turimi?

Xitoy poytaxtida aniqlangan xavfli virus kornavirusning yangi turi degan taxminlar ham bildirilyapti. Bu orada Xitoy kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi Pekinda bemorlarda aniqlangan va atrof-muhitda tarqalgan virusning geni aniqlanganini e'lon qildi. Xitoy endi uning turini aniqlashtirish maqsadida Pekin ulgurji bozorida o‘tgan hafta paydo bo‘lgan koronavirusning gen ma'lumotlarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga topshirdi.

«Virusning genini aniqlash juda muhim. Ammo hozircha mavjud bo‘lgan barcha ma'lumotlar faqat taxminlarga asoslangan», deydi «Sputnik» radiosiga bergan intervyusida Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining N.F. Gamaley nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot ilmiy markazi bo‘lim mudiri, professor Aleksandr Butenko.

«Hozircha koronavirus haqida juda kam ma'lumot mavjud. Borlari esa turli taxminlarga asoslangan. Bundan tashqari, Pekinda aniqlangan virus koronavirusning yangi turi ekanligi haqida hozircha aniq ma'lumot yo‘q. Xitoy poytaxtida aniqlangan virus muzlatilgan mahsulotlar orqali Yevropadan kirib kelgani haqidagi taxminlar ham bor. Bu taxmin asosli bo‘lib chiqishi ham mumkin, ammo Pekinda tarqalgan virusning dengiz mahsulotlaridan tarqagani haqidagi gaplar faqat taxminga asoslangan. Virus odamdan tarqab ketgan bo‘lishi ham mumkin. 

Koronavirus mutatsiyaga uchragan bo‘lishi yoki boshqa turdagi genlar o‘rtasidagi rekombinatsiya ko‘rinishida namoyon bo‘lgani ham taxminlardan biri. Pekinda tarqalgan koronavirus genini JSSTga topshirilishi juda muhim yangilik. JSST yaqinda bu haqdagi o‘z ma'lumotlarini e'lon qiladi», deydi Aleksandr Butenko.

Pekinliklar uchun qattiq choralar bo‘ladimi?

So‘nggi kunlarda «Sinfadi» bozorida koronavirus aniqlangani va poytaxt Pekinga kirib-chiqishning cheklangani Xitoyning boshqa turli hududlarida xavotir uyg‘otgan hamda ular o‘zlarida bo‘lib turgan pekinliklarni majburiy karantinga ola boshlagan. Xitoy kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi yetakchi epidemiologi U Tszunyuning fikricha, turli hududlarda pekinliklarni karantinga olishdan avval ularni poytaxtning qaysi hududdan ekanini aniqlashtirish kerak. Agar boshqa hududlarda yurgan pekinliklar shaharning epidemiologik xavfli hududidan bo‘lmasa, ularni majburiy karantinga olishning hojati yo‘q.

«Xitoyning turli hududlarida Pekinga borib kelgan fuqarolarni yoki boshqa hududlarda yurgan pekinliklarni majburiy karantinga olish boshlanib ketdi. Ammo vahimaga tushib pekinliklarni majburiy karantinga olishning hojati yo‘q. Shuningdek, avvalroq Pekinda bo‘lib qaytgan fuqarolardan ham xavfsiramaslik kerak. Avval ulardan Pekinning qaysi hududida bo‘lganini so‘rab, poytaxtdagi epidemiologik xavfli hududdan emasligi aniqlansa, ularni majburiy karantinga olish shart emas. Bu tavsiya poytaxtda bo‘lib qaytgan viloyatlik fuqarolarga ham tegishli», degan U Tszunyu.

JSST kasallikning yangi avj olishi sababini aniqlash uchun qo‘shimcha ekspertlar guruhini Pekinga yuborgan.

So‘nggi ma'lumotlar

Xitoyda juma kuni 32, shanba kuni 27, yakshanba kuni 26ta yangi holat qayd etildi. Bu holatlarning aksari kasallikning yangi o‘chog‘iga aylangan «Sinfadi» ulgurji bozori bilan bog‘liq, shuningdek, xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida bir necha holat aniqlangan.

Ayni vaqtga kelib Xitoyda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 83378taga yetgan. Shu vaqtgacha kasallikka chalinganlardan 78413 nafari sog‘aygan, 4634 kishi virus qurboniga aylangan va ayni vaqtda 308 bemor davolanmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top