21:43 / 22.06.2020
27635

Qishloqqa sakkiz soat elektr berib, to‘lov kamligidan shikoyat qilib o‘zimizni aldab keldik – Vazir o‘rinbosari

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev bilan Majburiy ijro byurosidagi islohotlar va energetika vazirligi oldida turgan vazifalar haqida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. U shahar va qishloqlardagi to‘lov ko‘rsatkichi bo‘yicha farqlarni ulardagi elektr va gaz ta'minoti sifatida ham katta farq bor bo‘lgani bilan izohlash mumkinligini aytib o‘tdi.

«To‘lov masalasida eng yaxshi targ‘ibot – iste'molchilarga nimanidir tushuntirish orqali emas, ularga o‘rnak bo‘lish orqali qilinishi kerak. Masalan, «Men bor kuch-g‘ayratimni sizlarga sifatli elektr va gaz yetkazib berishga sarflayapman, sizlar esa xizmatimdan rozi bo‘linglar», degan tartibda ishlashimiz kerak.

Sababi iste'molchi ko‘rsatilgan xizmatdan qanchalik rozi bo‘lsa, to‘lovchanlik darajasi shunchalik yuqori bo‘ladi», dedi Energetika vaziri o‘rinbosari matbuot anjumanida.

Vazir o‘rinbosari shahar va qishloqlardagi gaz, elektr to‘lovi madaniyati o‘rtasidagi farqning turlicha izohlab kelingani haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar va qishloqlardagi to‘lov ko‘rsatkichi bo‘yicha farqlarni ulardagi elektr va gaz ta'minoti sifatida ham katta farq bor bo‘lgani bilan izohlash mumkin.

«Nega shaharda to‘lov intizomi yaxshi-yu, qishloqlarda yaxshi emas? Biz shaharda to‘lov qobiliyati yaxshiroqligini aytib, uzoq vaqt o‘zimizni aldab keldik. Yo‘q, 8 soat emas, uzluksiz elektr energiyasi berilsa, o‘sha yerda to‘lovga munosabat ham yaxshi bo‘ladi. Har qanday turdagi sifatsiz xizmatga esa odamlar to‘lov qilishga og‘rinadi. Aksincha, odamlar xizmatdan rozi bo‘lsa, ular og‘rinmasdan to‘lov qilishadi.  

Biz to‘lov madaniyati bo‘yicha olib boradigan targ‘ibotlarimizda bularga urg‘u bermoqchimiz. Avvalo, qanday qilsak, iste'molchi ortiqcha ovoragarchiliklarsiz to‘lov qilishi mumkin degan savol ustida bosh qotiramiz. Bundan tashqari, to‘langan har bir so‘m foydalanuvchi xonadonidagi energiya sifatini yaxshilash uchun sarflanishini ularga ko‘rsatishimiz zarur», deya qayd etdi Sherzod Xo‘jayev.

Shuningdek, Energetika vaziri o‘rinbosari tumanlarda iste'molchi va xizmat ko‘rsatuvchi o‘rtasida har bir jarayon haqida ochiq tarzda ma'lumot berib borilishi lozimligini aytib o‘tdi.

«Bu borada jamoatchilik nazorati tizimini joriy etish ham yaxshi samara beradi. Agar iste'molchilar to‘lovlarni doim o‘z vaqtida amalga oshirsa, lekin mas'ullar sifatni oshirish borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘ysa, to‘lovchilar bu haqida o‘z munosabatlarini bildirishi lozim. Agar aksincha bo‘lsa, ya'ni sifat uchun biz harakat qilsak, lekin to‘lovlar vaqtida qilinmasa, unda bu holatda ham iste'molchilarga to‘g‘ri tushuntirish olib borilishi va hamkorlikda ishlanishi lozim.

Bundan tashqari, tumanlardagi to‘lovchanlik qobiliyatini taqqoslash va ulardagi energiya ta'minotini yetkazib berishdagi farqlarni ham solishitirib, odamlarning o‘zlariga ko‘rsatishimiz mumkin», - deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.

Vazir o‘rinbosari muloqot davomida vazirlikning yig‘imlar vakolati nega MIBga berilgani va endi MIBdan qaytarib olingani bo‘yicha ham izoh berdi.

«Bu vakolat nega MIBga berilganiga kelsak, ayrim iste'molchilar to‘lovni to‘lashga imkoniyati bo‘laturib, bepisandlik bilan qarab to‘lovni amalga oshirishmagan. Ikkinchidan – elektr va gaz ta'minotlariga o‘zboshimchalik bilan ulangan yoki qarzdorligi uchun tarmoqdan uzib qo‘yilganda qayta ulanib olgan iste'molchilarga nisbatan qonunchilikda ma'muriy va jinoiy javobgarliklar belgilangan bo‘lishiga qaramasdan aynan mana shu javobgarlikka tortadigan organ mavjud emas edi. Ya'ni hududiy elektr tarmoqlari va hududiy gaz ta'minoti korxonalarining qoidabuzarlik holati bo‘yicha rasmiylashtirgan dalolatnomalari ushbu fuqaroni yoki yuridik shaxsni ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortishi uchun yetarli asos bo‘la olmas edi.

Mana shunday paytda «Bu qoidabuzarlarni, qonun-qoidalarni bajarmayotgan, mensimayotganlarni qanday jazoga tortish kerak?» degan savol tug‘ilgandi.

Shu paytda O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi qoshida alohida «Majburiy ijro byurosi» tashkil qilingandi. Bu tashkilot tuzilganidan keyin birinchi qilgan ishi bu – qonunbuzarlik uchun jazoning muqarrarligini ta'minlash bo‘ldi.

Savol tug‘iladi – nega unda vakolat qaytarib olindi? O‘tgan vaqt ichida jazo muqarrarligi ta'minlandi. MIBning funksiyalari o‘zgaryapti, lekin, tugatilgani yo‘q. Asosiysi, biz elektr energiya va gaz ta'minotlarida islohotlarni boshladik», – dedi vazir o‘rinbosari matbuot anjumanida.

Top