15:35 / 23.06.2020
4442

Karantin davrida kichik biznes vakillari 332,8 mlrd so‘m soliqdan ozod etilgan

O‘zbekistonda karantin davrida 142,5 mingta kichik biznes sub'yekti jami 332,8 mlrd so‘m miqdoridagi soliqlardan ozod etilgan. Bu haqida Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffaryusuf Nazarov ma'lum qildi.

«2020 yil 1 iyundan 1 sentyabrgacha kichik korxonalar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod qilindi. Bozorlar va savdo majmualari, kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transportlari korxonalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, yo‘lovchi tashish, maishiy xizmat ko‘rsatish, shu jumladan, banketlar tashkil etish uchun mazkur imtiyozdan foydalanishi mumkin.

Hozirgacha mamlakat bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lgan 142,5 mingta kichik biznes vakillari mavjud bo‘lib, ular 332,8 mlrd so‘mlik soliqlardan ozod bo‘ladi. Bu summa ikki turdagi – mol-mulk va yer solig‘i hissasiga to‘g‘ri keladi», dedi Nazarov AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Qayd etilishicha, kichik tadbirkorlik sub'yektlariga foizsiz kechiktirish imkoniyati (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) taqdim etilgan, aprel-may oylari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan mol-mulk va yer solig‘i summalaridan voz kechilgan.

«Bugungi kunda bu huquqdan foydalanishni istagan 4259ta sub'yekt soliq organlariga murojaat qilgan. Natijada 2422ta soliq to‘lovchining 123 milliard so‘m miqdoridagi kechiktirilgan soliqlaridan voz kechilgan.

Hozirda yana umumiy miqdori 109 mlrd so‘m bo‘lgan 1837ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda», dedi qo‘mita vakili.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top