18:57 / 24.06.2020
19775

O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 4700ga yaqinlashdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent, Andijon, Buxoro va Samarqandda jami 115 nafar bemor sog‘ayib, O‘zbekistonda shu vaqtgacha kasallikdan tuzalib chiqqanlar soni 4675 nafarga yetgani haqida xabar berdi.

Bugun Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 19 nafar bemorga javob berildi. Ularning 10 nafari erkak, 9 nafari ayol bo‘lib, ularning eng yoshi ulug‘i 66 yoshda, eng kichigi esa 10 yoshda.

Shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida 72 nafar, shahar 1-son klinik shifoxonasida 15 nafar bemor sog‘ayib, o‘z uyiga kuzatildi.

Endilikda Toshkent shahri va viloyatida koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 2557 nafarga yetdi. 

Andijon viloyatida 43 yoshli erkak kasallikdan forig‘ bo‘lgan, shu bilan ushbu hududda koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 181 nafarni tashkil qilmoqda. Viloyatda 13 nafar bemor davolanmoqda.

Buxoro viloyatida 6 nafar bemor tuzaldi. Ularning 2 nafari erkak va 4 nafari ayol bo‘lib, ularning yoshi kattasi 52 yoshda, eng kichigi esa 2020 yilda tug‘ilgan qizaloqdir. Endilikda ushbu hududda koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 478 nafarga yetib, 29 nafar bemor davolanmoqda.

Samarqand viloyatida 2 kishiga javob berildi, ulardan biri 51 yoshli ayol, ikkinchisi 26 yoshli erkak. Endi ushbu hududda koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 386 nafarni tashkil qilmoqda. Viloyatda 26 nafar bemor davolanmoqda.

Shunday qilib, bugun yurtimizda 115 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor tuzalib, hozirda mamlakatimiz bo‘ylab sog‘ayganlar soni 4675 nafarni tashkil etmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top