18:05 / 24.06.2020
7802

«O‘zbekneftgaz»: Iyun oyi boshidan buyon 14ta kondagi 16ta quduqdan tabiiy gaz va gazkondensati olina boshlandi (video)

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga asosan, tabiiy gaz qazib chiqarish prognoz ko‘rsatkichlarini ta’minlash va ko‘paytirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi.

2020 yilning ortda qolgan davrida 45ta yangi quduqlarda burg‘ilash ishlari amalga oshirildi va foydalanishga topshirildi, 228ta mavjud quduqlarda mukammal ta’mirlash, intensifikatsiya ishlari bajarildi hamda 13ta texnologik chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Yakunlanib borayotgan iyun oyining o‘zida «Janubiy Kemachi», «Inam», «Savatli», «Yormoq», «Yangi Qizilrabot», «Oydin», «Uchtepa», «Shimoliy Muborak», «O‘rtaqum», «Qo‘shimcha», «Alan», «Sho‘rtan», «Uzunshor» kabi konlardan tabiiy gaz va gazkondensati olinishiga erishildi.

Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida joylashgan Muborak neft gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Janubiy Kemachi» konidagi bir qancha quduqlarda «O‘zneftgazquduqta’mirlash» AJ mutaxassislari bilan hamkorlikda kapital ta’mirlash ishlari olib borildi.

Jumladan, 168-sonli quduqda olib borilgan ishlar natijasida kunlik 50 ming kub metr sanoat miqyosida tabiiy gaz va 1,5 tonna gaz kondensati qazib chiqarilayotgan bo‘lsa, 76-sonli quduqdan esa kunlik 51 ming kub metr sanoat miqyosida tabiiy gaz va 1,5 tonna gaz kondensati olinmoqda.

«Uzunshor» gazkondensat konidagi 14-sonli quduqda burg‘ulash ishlari tugatilib, quduqqa 2623-2542 metr oralig‘ida filtr tushirildi. Quduqni o‘zlashtirish kutilganidan ko‘proq natija berib, kunlik 200 ming kub metr sanoat miqyosida tabiiy gaz va 4,4 tonna gaz kondensati qazib chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.

Qashqadaryo viloyati hududida joylashgan Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Yormoq» gazkondensat konidagi 8-sonli baholash-ishlatish qudug‘ida ham burg‘ulash ishlari tugatildi, shundan so‘ng bu quduqdan kunlik 120 ming kub metr sanoat miqyosida tabiiy gaz va 3,8 tonna gaz kondensati qazib olina boshlandi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida, Boshqaruv raisi boshchiligidagi «Ishchi guruh» ishlab chiqarish korxonalarida doimiy nazoratni olib bormoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top