15:18 / 24.06.2020
8823

Karantindan chiqqanlar keyingi 10 kun davomida poliklinika shifokori nazoratida bo‘ladi - Botir Qurbonov

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonovning aytishicha, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi va Isroil davlatida oxirgi 14 kun ichida bo‘lib turgan va O‘zbekistonga kirib kelgan shaxslar karantin nazoratiga olinmaydi.

«Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi va Isroil davlatida oxirgi 14 kun ichida bo‘lib turgan va O‘zbekistonga kirib kelgan shaxslar karantin nazoratiga olinmaydi.

Yevropa Ittifoqi, Malayziya, Tailand, Singapur davlatlaridan kelgan shaxslar 14 kun davomida uy karantiniga olinadi, qolgan boshqa davlatlardan O‘zbekistonga kirib kelgan shaxslar esa 14 kun davomida karantin nazoratida saqlanadi», deya Botir Qurbonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Botir Qurbonov

Uning qo‘shimcha qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga doir qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida xorijiy mamlakatlarda bo‘lib qaytgan va 14 kun karantin markazida saqlangan fuqarolar karantin markazidan chiqarilgandan so‘ng ular to‘g‘risida yashash joylaridagi poliklinikalarga axborot berilishi xamda karantinga olingan shaxslar ustidan keyingi 10 kun davomida yashash joyidagi poliklinika shifokori tomonidan telefon orqali kuzatuv o‘rnatilishi belgilangan.

Botir Qurbonov, shuningdek, tashkilotlarda o‘tkaziladigan majlislarda xodimlar qanday qoidalarga rioya etishlari kerakligini ham eslatib o‘tdi.

«Barcha hududlarda (ularning toifasidan qat'i nazar) ijtimoiy masofani saqlash, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalaridan doimiy ravishda foydalanishi va niqob taqishi shart.

Dunyo olimlari tomonidan o‘tkazilayotgan tajribalar niqob koronavirusdan ximoyalanishda asosiy vosita ekanligi isbotlanmoqda», deydi u.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top