11:50 / 25.06.2020
27273

Jurnalistdan chiqqan andijonlik hokim - bolalarni paxtaga chiqarmagani, dam olish kunlari joriy etgani haqida

Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni oldidan muxbirlik, muharrirlikda shakllanib, Oltinko‘l tumani hokimi, viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan, ayni paytda O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari, ustoz jurnalist Nazirjon Saidov bilan suhbat qurdik.

Nazirjon Saidov 1970-1980 yillarda Andijon va Oltinko‘l tuman gazetalarining bosh muharriri lavozimlarida ishlab, so‘ng Oltinko‘l tuman ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, «Oltinko‘l» kolxozi raisi, 1990-1993 yillarda esa Oltinko‘l tumani hokimi vazifasida faoliyat olib borgan.

Jurnalistikadan hokimlikka o‘tish

Nazirjon Saidov bilan u ayni kunlarda faoliyat olib borayotgan Andijon jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limida uchrashdik.

«Tursunboy Abdusamatov degan jurnalist qo‘shnimiz bo‘lgan. Shu inson tufayli jurnalistikaga qiziqib, tuman gazetalariga maqola, she'rlar jo‘natardim. Yoshligimda yozgan ikki qator she'rim bu sohaga chuqur kirib ketishimga sabab bo‘lgan.

Bir havaskor shoir o‘z she'riga

Sarlavha qo‘yibdi – «Go‘zal lolazor».

Qizil qalam bilan tekshirib ko‘rsam,

Xatodan she'r bo‘ldi go‘yo «lolazor».

O‘sha paytdagi jurnalistlarga mana shu she'rim ma'qul kelib, «Sendan yaxshi tanqidchi, yaxshi jurnalist chiqadi», deyishgan. O‘zim ham publitsistikaga juda qiziqardim.

Yaxshi niyat bilan Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga kirib o‘qidim. 1976 yili Andijon tumani gazetasida bosh muharrir bo‘ldim. 1979 yilda Oltinko‘l tuman gazetasini tashkil qildik.

1985 yillarda tuman ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosarligiga taklif etishdi. Bir muddat yangi tashkil etilgan jamoa xo‘jaligida rais bo‘lib ishlaganman.

90-yillarda demokratik jarayon kuchli edi. Tumanda partiya konferensiyasi bo‘ldi. Unda tuman hokimini saylash kun tartibiga qo‘yilgan bo‘lib, bir necha nomzodlar qatorida mening ham nomzodim bor ekan. Yig‘ilishda viloyat prokurori Bo‘ritosh Mustafoyev ham qatnashayotgan edi. Men o‘rnimdan turib: «Bo‘ritosh aka, mana siz viloyat hokimligidan kelgan vakilsiz, nomzodlar ichida mendan uch-to‘rtta ko‘ylakni ko‘p kiygan, tajribali, salohiyatli insonlar bor. Shuning uchun o‘z nomzodimni olaman», dedim.

Konferensiyada Toshkentdan kelgan vakillar ham o‘tirgan ekan, ular biri: «Hozir bizda demokratiya. Nomzodingizni olib qo‘ya olmaysiz. Ovoz beruvchilarni istak-hoxishiga qaraladi», deya javob berdi.

Qarangki, ko‘pchilik ovozi menga berilib, hokim bo‘lib saylandim.

O‘sha yillarida sharoit og‘ir va notinch edi. Bir kun Farg‘onada to‘polon bo‘lsa, keyin O‘sh bilan chegarada salbiy hodisa ro‘y berardi. Asosan muhofaza bilan shug‘ullanganmiz. Shunday bo‘lsa-da xo‘jalik yuritish, maktab, kasalxonalar tashlab qo‘yilmagan.

O‘sha og‘ir yillarda oddiy xalqning maktab qurish talabi bilan chiqib, kelajagini o‘ylaganini eslasam, ko‘zimga yosh keladi. Chekka qishloqlarda 6ta maktab qurganmiz», deydi Nazirjon Saidov.

«Avvaliga ba'zi qarorlarim ustidan kulishgandi»

«To‘liq 4 yil tumanga rahbarlik qildim. Afandimijoz ishlar ham bo‘lgan. Yoshligimdan o‘quvchilarning bilim olishi o‘rniga dalaga, paxtaga chiqishiga juda qarshi edim. Hokim bo‘lgan yilim: «Maktab bolalari paxtaga chiqmaydi, xalqning ichida ishchi kuchi yetarli, o‘zimiz terib olamiz», deb qaror qabul qilib, bu fikrimga viloyat hokimligini ham ishontira oldim.

Tumanda bir dona kasb-hunarga o‘rgatadigan «uchilishe» bo‘lardi. Ularni ham paxtaga chiqarmasdan, Xo‘jaobod tumaniga olma tergani jo‘natib yubordim. Qarorlarim jiddiy tanqidga uchragan, qarshilik qilishgan. Biroq rejalar zo‘r bajarilib, yuzimiz yorug‘ bo‘lgan. Tuman men rahbarlik qilgan yillar barcha sohalarda doim viloyatda eng oldingi qatorlarda yurardi.

Bu juda oddiy tahlillarim asosida amalga oshirilgan ishlar edi. Xo‘jalik yuritishda ikki-uchta omillarni samarali hisob-kitob qilib ko‘rganman va natija bergan. Tumanda qishloq xo‘jaligida ishlash uchun aholi soni yetarli edi. O‘sha paytlarda Andijon shahrining tumanga yaqin joylarida yashaydiganlar ham tumanimizga paxta tergani hasharga chiqishardi. Yetishtirilgan paxtani tergani chetdan ishchi kuchi, yordamchi olib kelmaganmiz. Texnikaga katta e'tibor berganmiz. Tajribamiz o‘z samarasini bergan.

Xalqning ichida ham: «Bu hokim ishni eplab ketarmikin. Qarorlari juda g‘alati...» deb ishonmaganlar, tanqid qilib maqola yozganlar ham bo‘lgan. So‘ng xo‘jalik yili oxirida odamlarning qo‘liga pul tekkach, yordamchisiz, hasharchisiz paxtani terib, rejani bajarish mumkinligini isbotlaganimizdan keyin o‘sha ishonmaganlar uzr ham so‘ragan.

Demoqchimanki, xalqimizga yangilikni singdirishda jurnalistligim qo‘l kelgan. Chunki xalq jurnalistlarga, gazetada, internetda chiqqan ma'lumotlarga ishonadi», – deydi u.

«Tumanda qishloq xo‘jaligi xodimlari ham shanba-yakshanba dam olishgan»

90-yillargacha hokimlik xodimlari, kolxoz pravleniyelari vakillari, brigadalar a'zolari shanba-yakshanba kunlari ham ishga chiqardi. Nazirjon Saidovning aytishicha, u tuman hokimligida shu holatga barham bergan.

«Bu ham yurak amri bilan bo‘lgan. Tumanning katta kengashida: «Bugundan boshlab, shanba-yakshanba kuni barcha tumandagi mas'ullar ham, jamoa xo‘jaligi a'zolari ham dam oladi. Faqat kultivatsiya davri o‘tib ketmasligi uchun kultivatsiya qilayotgan traktorchi, suv qo‘yayotgan suvchi zarur bo‘lsa ishga chiqadi», deb e'lon qildim.

Axir inson degani qulday dam olmay ishlashi mumkin emas-ku?! O‘sha paytda bu g‘alati holat edi. Odamlar o‘z haqqini bilib, dam olishni boshlashdi. Ular faqat xursand bo‘lishdi. O‘zi aslida har doim shunday bo‘lishi kerak edi.

Hozir Oltinko‘lning qaysi mahallasiga borsam, odamlar yorug‘ yuz bilan kutib olishadi. Mana shuning o‘zi menga berilgan eng yuksak baho bo‘lsa kerak».

«Jurnalistika – el suygan kasb»

«Jurnalistlarni kuzatib boraman. Ular ichida nafaqat hokimlik, boshqa mas'ul lavozimlarda katta muvaffaqiyat bilan ishlab ketishi mumkin bo‘lganlar juda ko‘p. Biz ishlagan paytlarda qiyinchiliklar bor edi. Hozir o‘zgarishlar katta. Bemalol ishlab ketishadi. Faqat jurnalistlarga ishonish kerak.

Bizning kasbimiz – el suygan kasb. Odamlar adolatsizlikka duch kelsa, u tashkilotdan bu tashkilotga yugurib ishi bitmasa, oxiri jurnalistning oldiga keladi. Shu bilan fuqaro o‘zini aldagan yoki jabr o‘tkazgan rahbarni, mutasaddini boshqalarga ham shunday qilmasligi uchun «jurnalist shu «kattakonni» uyaltirib qo‘yarmikin?» deb fikr qiladi. Fuqarolarning oxirgi umidi jurnalistdan bo‘ladi.

Jurnalist rostgo‘y bo‘lishi, doim haqiqatni gapirishi va yozishi kerak. Yurtni yaxshi yutuqlarini tarannum etishi bilan birgalikda uning kamchiliklarini ham ro‘y-rost ko‘tarib chiqishi kerak.

Jamiyatning kamchiligi xuddi bir dardga o‘xshaydi. U vaqtida davolanishi uchun matbuot bong urishi va tezroq mana shu kasallikdan forig‘ bo‘lishga urinishi – jurnalistlarning burchi. Jurnalistlar jamiyatning shifokoridir.

Kimdir matbuot xodimiga nisbatan «tirnoq ichidan kir qidiryapti», deb o‘ylasa, bu o‘sha odamning o‘zining saviyasi haminqadarligidan dalolat», – deydi Nazirjon Saidov.

Elmurod Ermatov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.

Top