16:56 / 25.06.2020
3194

Oilaviy ajrimlar soni o‘tgan yilgiga nisbatan kamaydi – vazirlik

Joriy yilning o‘tgan 6 oyida respublika bo‘yicha oilaviy ajrimlar soni 9465tani tashkil etib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 4285taga kamaygan. Bu haqida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida o‘tkazilgan «Kuchli ijtimoiy himoya: nodavlat-notijorat tashkilotlari va davlat tashkilotlari hamkorligi» amaliy anjumanida ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda respublikada 8 mln 200 ming oila mavjud. Joriy yilda ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar soni 13865ta bo‘lib, ularning 60 foizi – 7943tasini yarashtirishga erishilgan.

«Ammo bundan ko‘ngil xotirjam bo‘lishi, shuncha ishni qilib qo‘ydik, degan maqtanish hissi bo‘lmasligi kerak. Ajrimlar masalasi har doim mas'ullarning bo‘ynida yuk bo‘lishi kerak. Chunki oilaviy ajrimning bittasi ham ortiqcha», dedi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Sodiqjon Turdiyev.

Ma'lum qilinishicha, oilaviy ajrimlarning har uchtadan bittasi nikohning dastlabki o‘n yili va undan ortiq bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Har yili nikohni bekor qilish bo‘yicha sudlarga qilingan murojaatlarning yarmidan ko‘prog‘i qanoatlantirilmoqda.

Oilaviy ajrimlarning sabablari o‘zaro munosabatlar (50-60 foiz holatda), moddiy yetishmovchilik, uy-joy bilan bog‘liq muammolar, oilaviy munosabatlarga ota-ona va boshqa qarindoshlarning noo‘rin aralashuvi, er va xotin xarakterining o‘zaro mos kelmasligi, ulardan biri zararli odatlarga (ichkilik, giyohvandlik va h.k) ruju qo‘yishi ekanligi aniqlangan.

Top