15:25 / 27.06.2020
11969

Poytaxtda yana bir yangi yo‘l o‘tkazgich qurilishi yakunlanmoqda

Sergeli tumani Qipchoq ko‘chasidagi “Toshkent – Angren” temir yo‘l liniyasi ustidan o‘tgan transport yechimi qurilishi o‘z yakuniga yetmoqda.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

Poytaxtning Sergeli tumanidagi Qipchoq ko‘chasining Toshkent –  Angren temir yo‘li bilan kesishmasida transport yechimi (yo‘l o‘tkazgich) qurilishi ishlari yakuniga yetmoqda.

Transport vazirligi xabariga ko‘ra, ushbu yo‘nalish Sergeli tumanining eng serqatnov hududlaridan biri bo‘lib, tumanning 2 ta yirik hududini bir-biriga bog‘laydigan asosiy transport yo‘lagidir. 

“Biroq, Qipchoq ko‘chasidan Toshkent – Angren temir yo‘l liniyasining o‘tganligi va uzoq yillardan beri, ayniqsa, so‘nggi paytlarda ushbu liniyadan har  kuni Toshkent – Angren yo‘nalishi bo‘ylab ko‘plab yuk va yo‘lovchi poyezdlarining muntazam qatnashi, qolaversa, ertalab aholining ishga ketayotgan vaqtida hamda ishdan qaytayotgan vaqtida transport qatnovi ortgan paytda poyezdlarning o‘tishi munosabati bilan yo‘llarning bir necha daqiqaga yopilishi avtomobil kommunikatsiyasi hamda aholining harakatlanishi uchun juda noqulaylik tug‘dirayotgan edi. 

Toshkent – Andijon yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdlari qatnovining tobora ortib borayotgani ham ushbu yo‘nalishdagi temir yo‘l kesishmasini yanada ko‘proq yopilishiga sabab bo‘lyapti. Bu esa yillar davomida mazkur hududda yo‘l o‘tkazgich qurishni taqozo etardi. 

Nihoyat, 2018 yilda ushbu hududda yo‘l o‘tkazgichni qurish ishlariga kirishildi. Dastlab, “Ko‘prikqurilishloyiha” unitar korxonasi hamda “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati instituti mutaxassislari tomonidan yo‘l o‘tkazgichning loyihalashtirish ishlari ishlab chiqildi. Shundan so‘ng “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasining 13-ko‘prikqurilish otryadi jamoasi tomonidan qurilish-montaj ishlari boshlab yuborildi”, - deyiladi ma'lumotda.

Loyihaga asosan yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 772,5 metr bo‘lib, kengligi o‘rtacha 28 metrni tashkil etadi hamda temir yo‘l liniyasi ustidan qariyb 9 metr balandlikdan o‘tadi. Inshootning estakada qismi uzunligi 445,3 metr, balandligi 8,2 metr, tirgak devorlarining umumiy uzunligi esa 327,2 metrdan iborat bo‘ldi.

Bugungi kunga qadar yo‘l o‘tkazgichni bunyod etishda loyiha rejasiga asosan belgilangan umumiy 18 tayanch ustunlari va 4 ta tirgak devorlar 100 foizga qurib bitkazildi. Shuningdek, 208 ta 24 metrlik hamda 48 ta 33 metrlik oraliq balkalar ham o‘rnatildi. Tirgak devorlar oralig‘i 22,507 ming kub qum-shag‘al aralashmasi bilan to‘ldirilgan. Yo‘l o‘tkazgichning o‘tish qismida oraliq balkalar deformatsion choklarini betonlash ishlari, 1 va 13-ustunlar oralig‘idagi o‘tish qismida gidroizolyatsiya, himoya qatlami, tekislovchi qatlam yotqizish ishlari hamda 1 va 2-tirgak devorlar oralig‘ida 1-qatlam asfalt yotqizish ishlari yakunlandi. Ayni paytda esa 3 va 4-tirgak devorlar oralig‘i qum-shag‘al aralashmasidan so‘ng kam sementli beton aralashmasini yotqizish ishlari va 13 hamda 18-ustunlar oralig‘ida gidroizolyatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bugungi kungacha ushbu yo‘l o‘tkazgichning qariyb 90 foizga yaqin qurilish ishlari yakunlangan. Faqat so‘nggi asfalt yotqizish, yoritish chiroqlarini o‘rnatish va piyoda yo‘laklarini pardozlash hamda obodonlashtirish ishlari qoldi. 

Mavzuga oid
Top