07:34 / 28.06.2020
6324

Braziliya Britaniya bilan koronavirusdan vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha bitim tuzdi 

Braziliya koronavirusdan Oksford universiteti va ingliz-shved farmatsevtik kompaniyasi AstraZeneca Plc. ishlab chiqqan vaksinani sotib olish va ishlab chiqarish bo‘yicha bitim tuzdi. 

Foto: Getty Images

Bloomberg axborot agentligining xabar berishicha, Braziliya Britaniyadan 287 mln dollarga vaksina va uni mustaqil ishlab chiqarish uchun ingrediyentlar sotib oladi.

Vaksinaning klinik sinovlari natijalaridan qat'iy nazar, vaksinaning birinchi partiyasi Braziliyaga 127 mln dollarga aylanadi. Bu summaga dekabr yoki yanvarda yetkazib beriladigan 30,4 mln doza vaksina hamda uni ishlab chiqarish texnologiyasining berilishi kiradi. Vaksinaning samaraliligi isbotlangach, Braziliyaning Fundacao Oswaldo Cruz ilmiy-tadqiqot institutida vaksinadan yana 70 mln doza ishlab chiqariladi.

Bugungi kunda Braziliya koronavirusga chalinish va undan o‘lim sonlari bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin 2-o‘rinni egallamoqda. Ayni vaqtda mamlakatda virusdan kasallanganlar soni 1,3 mlndan oshib ketdi, vafot etganlar soni 57 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Avvalroq ma'lum qilinganidek, AstraZeneca ishlab chiqqan AZD1222 vaksinasi 320 nafar odamda sinalgan va sinovlar davomida uning yaxshi o‘zlashtirilishi isbotlangan. Biroq bunda tana harorati oshishi, bosh og‘rig‘i, oyoq-qo‘llarning og‘rishi yoki ORVI alomatlari kabi qisqa muddatli ikkilamchi ta'sirlar kuzatilishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top