23:59 / 29.06.2020
91006

Bugun uch hududda aholi orasida yangi holatlar aniqlandi

29 iyun kuni O‘zbekistonda 274ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 8222 holat), 2 kishi vafot etdi va 167 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 5496 bemorga javob berilgan, 24 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 2702 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 5 hududda - Toshkent shahri, Samarqand, Jizzax, Buxoro va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 266 holatdan 244tasi karantin muassasalarida, 30tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 6 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+30)
Bugun uch hududda aholi orasida yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Toshkent shahrida aholi orasida 20ta yangi holat qayd etildi. Poytaxtda so‘nggi marta 3 iyun kuni aholi orasida kasallanish holati aniqlanmagan.

Buxoro viloyatida aholi orasida 6ta yangi holat qayd etildi. Karantindagilar bilan qo‘shib hisoblaganda bemorlar soni 9 nafarga o‘sdi. Buxoroda shu vaqtgacha jami 521 holat qayd etilgan, shundan 490 kishi tuzalib chiqqan, bir kishi vafot etgan, shifoxonalarda 30 bemor davolanmoqda.

Jizzax viloyatida yana aholi orasida koronavirusga chalinganlar chiqa boshladi - bugun jami 5ta yangi holat qayd etilgan, shundan 4 nafari aholi orasida. Ayni vaqtda viloyatda 6 nafar bemor davolanmoqda.

Karantin (+244)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 215 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 23 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Shuningdek, Buxoro viloyatida karantindagilar orasida 3 kishida, Samarqand viloyatida 2 kishida, Jizzax viloyatida 1 kishida virus chiqqan.

Haydovchilar (+0)
Bugun xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida koronavirusga chalinish holatlari qayd etilmadi.

Tuzalganlar (+167)
29 iyun davomida 167 nafar bemor sog‘aydi. Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida 115 nafar, Surxondaryo viloyatida 22 nafar, Buxoro viloyatida 12 nafar, Namangan viloyatida 22 nafar, Samarqand viloyatida 7 nafar bemorga javob berildi. Shu vaqtgacha virusga chalingani qayd etilgan 8222 kishidan 5496 nafari tuzalib chiqqan.

O‘lim (+2)
Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekistonda ilk marta qatorasiga ikki kun ikkitadan o‘lim holati qayd etildi. Shofirkon tumanida yashagan, 21 iyun kuni koronavirusdan zararlanish tashxisi bilan Buxoroda shifoxonaga yotqizilgan 58 yoshli ayol bugun olamdan o‘tdi. Shuningdek, Jizzaxda 25 iyun kuni tashxis qo‘yilgan 72 yoshli otaxon olamdan o‘tib, O‘zbekistonda virusning 24-qurboniga aylandi. Buxoroda ham, Jizzaxda ham koronavirusdan o‘lim bilan bog‘liq ilk holatlar bo‘ldi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2702 nafar bemordan 19 nafari og‘ir, 6 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. 

Hozirda mamlakatimizda uy karantinida 40 293 nafar, statsionar karantinda esa 23 485 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top