13:03 / 30.06.2020
5844

Ehtiyot qismlarni yashirish qimmatga tushdi

 Bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy tarzda olib kirishga doir holatlar bojxona xodimlari tomonidan o‘z vaqtida fosh etilmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Daut-ota” chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakat orqali kirib kelgan, fuqaro X.O. boshqaruvidagi “MAN” rusumli yuk avtotransport vositasi o‘rnatilgan tartibda postdagi inspeksion ko‘rik majmuasi yordamida nazoratdan o‘tkazildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

 Natijada, avtotransportning tag rama qismiga xufiyona yashirilgan, umumiy qiymati salkam 35 million so‘mlik jami 2283 dona avtotransport ehtiyot qismlari borligi aniqlandi. 

 Yana bir holatda mazkur post orqali yurtimizga kirib kelgan fuqaro M.R. boshqaruvidagi yuk avtotransporti ham belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

 Tekshiruv davomida ushbu avtoulovda ham deklaratsiyada ko‘rsatilmagan va bojxonachilarning og‘zaki so‘rovida ma'lum qilinmagan 42,2 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklari borligi aniqlandi.

 Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Top