23:09 / 01.07.2020
68931

«Bu bo‘yicha tilxat berilmagan» – Samarqanddagi siam egizaklaridan voz kechilgani haqidagi xabarlarga izoh berildi

Samarqandda tug‘ilgan ikki boshli chaqaloqning ahvoli qandayligi haqida ma'lumot berildi. Ma'lum qilinishicha, uning yaqinlari chaqaloqlardan voz kechish bo‘yicha tilxat berishmagan.

Samarqandda siam egizaklari tug‘ilgani haqidagi xabar tarqalishidan bir kun o‘tib, yaqinlari undan voz kechgani haqida xabar tarqaldi.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakilining ma'lum qilishicha, haqiqatan ham egizaklarning bobosi xuddi shu fikrni bildirgan. Ammo bu bo‘yicha tilxat berilmagan, umuman rasman bolalardan hali kechilgani yo‘q.

Viloyat ko‘p tarmoqli bolalar poliklinikasi vakillari ham bu haqda hali aniq gap aytib bo‘lmasligi, chunki avvalo onaning holati barqaror emasligini ma'lum qilishgandi.

Ikkinchi tomondan, qonun-qoidalarga ko‘ra, farzanddan voz kechishni ota-onasidan boshqa birov hal qilmaydi. Onasi esa jiddiy operatsiyani boshdan o‘tkazgani uchun hozircha davolanishda.

Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi o‘rinbosari Dilshod Rahmonov hozirda egizak qizaloqlar sun'iy nafas oldirish apparatida bo‘lib, ahvoli juda og‘ir ekanligini aytmoqda.

«Ikkita yurakda ham jiddiy, murakkab nuqsonlar mavjud. Chaqaloqlarning ichki organlari bir boshdan to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Ayni paytda ularning oshqozoni ham ikkitaligi ma'lum bo‘ldi. Egizaklarning salomatligi bo‘yicha to‘liq va aniq ma'lumotlarni aytish uchun qo‘shimcha ko‘plab tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilishi kerak.

Afsuski, siam egizaklarining ahvoli og‘ir bo‘lib, apparatda bo‘lgani uchun bu tekshiruvlarning barchasini amalga oshirish imkoniyatimiz yo‘q. Diagnostika uchun esa zamonaviy apparatlarimiz bor», deydi Rahmonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Top