21:30 / 02.07.2020
7350

1 milliard so‘mlik avtoshinalarni noqonuniy olib kirmoqchi bo‘lganlar to‘xtatib qolindi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi hamda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan poytaxtda faoliyat yuritayotgan MJChlardan birining nomiga xorijiy davlatdan olib kelingan tovarlar o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, tekshiruv davomida, yuk-kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lgan, umumiy qiymati 1 milliard so‘mlik 2650 dona yengil avtomobil shinalari borligi aniqlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ortiqcha aniqlangan shinalar bo‘yicha 373 mln so‘mlik qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblangan.

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, hozirda bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top