17:03 / 02.07.2020
53619

Toshkent shahrida aholi orasida 47 kishida virus aniqlandi. Bu – rekord

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda yana 92 kishida koronavirus aniqlangani va jami kasallanish holatlari soni 9 mingga yaqinlashgani haqida xabar berdi.

«2020 yil 2 iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 8996 nafarni tashkil etmoqda. 

Yangi kasallanish holatlarining 77 nafari Toshkent shahrida (shundan 30 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 47 nafari aholi orasida), 4 nafari Toshkent viloyatida (barchasi aholi orasida), 8 nafari Sirdaryo viloyatida (shundan 6 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 2 nafari aholi orasida), 3 nafari Qashqadaryo viloyatida (barchasi karantinga olingan fuqarolar orasida) aniqlangan», deyiladi xabarda.

Bugun hozircha 215ta yangi zararlanish holati qayd etildi va jami holatlar soni 9 mingga yaqinlashdi. Shu vaqtgacha 5847 bemor tuzalib chiqqan.

Hozirda shifoxonalarda 3122 nafar bemor davolanmoqda, ulardan 16 nafari og‘ir, 9 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Shu tariqa, birato‘la ikki rekord qayd etildi - bir kunda Toshkent shahrida aholi orasida yangi kasallanish qayd etilishi bo‘yicha va bir kunda O‘zbekistonda aholi orasida yangi kasallanish holatlari qayd etilishi bo‘yicha.

Shu vaqtgacha Toshkent shahrida bir kun davomida aholi orasida kasallanish holatlari soni 40taga ham yetmagandi. Bugun esa hozircha 47ta holat.

O‘zbekistonda bugun kun davomida hozircha aholi orasida 62ta yangi holat qayd etildi (bungacha kun davomida Namangan viloyatida 6, Toshkent viloyatida 3 holat qayd etilgandi).

Eslatib o‘tamiz, aholi orasida aniqlangan kasallanish holatlari bo‘yicha kunlik rekord 27 iyunda qayd etilgandi - o‘shanda Toshkent shahri, Toshkent, Surxondaryo va Sirdaryoda jami 54 holat aniqlangandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top