18:45 / 02.07.2020
37724

Rossiya-Qozog‘iston chegarasida yana O‘zbekiston fuqarolari to‘plandi

Tashqi ishlar vazirligi operativ shtabi Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi «Mashtakovo» va «Sagarchin» nazorat punktlari yaqinida O‘zbekiston fuqarolarining to‘planishi kuzatilayotgani haqida xabar berdi.

Foto: O‘zbekiston TIV

«Mazkur masala O‘zbekistonning Moskva va Nur-Sulton shaharlaridagi elchixonalari, Qozon va Aqtau shaharlaridagi bosh konsulxonalari tomonidan nazoratga olingan, Rossiya va Qozog‘istonning vakolatli organlari bilan muzokaralar olib borilmoqda», deyiladi TIV xabarida.

Vaziyat haqida ma'lumot Respublika maxsus komissiyasiga taqdim etilgan.

Ma'lum qilinishicha, 1 iyundan buyon Rossiyaning turli shaharlaridan 25ta charter reyslari tashkillashtirildi hamda hafta oxirigacha Novosibirsk, Qozon, Yekaterinburg, Moskva, Rostov-Don shaharlariga navbatdagi reyslar amalga oshirilishi kutilmoqda.

«Shu munosabat bilan Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizdan Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin choralariga qat'iy rioya etishlarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, may oyida ham Rossiyaning Samara va Orenburg oblastlarida O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston bilan chegara hududida to‘planib, vatanga qaytishga harakat qilishgandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston hukumati Rossiya va Qozog‘iston vakolatli organlari bilan birgalikda 1500dan ortiq fuqarolarni avtobusda mamlakat hududiga olib kelgandi.

Top