18:29 / 04.07.2020
33760

«Akfa» universitetiga qariyb 30 gektar yerni doimiy foydalanishga berish ko‘zda tutilgan qaror loyihasi tanqid qilindi

Akfa universiteti faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid qaror loyihasida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun, soliq va yerdan foydalanishga oid qonunlarning qator normalari buzilayotganligi aytilmoqda.

Foto: Akfa

Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga «Akfa Universitetining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Xususan, loyihada Universitetga Toshkent viloyati, Qibray tumani, Unqo‘rg‘on QFY, Parvoz MFY hududida joylashgan, Toshkent shahar hokimligiga qarashli «Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik» MChJ balansida bo‘lgan 29,48 ga yer maydonini doimiy foydalanishga ajratib berish nazarda tutilgan.

«Munosabat» ko‘rsatuvining iste'molchilar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi sonida iqtisod fanlari doktori Barnogul Sanaqulova Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qarori loyihasiga munosabat bildirdi.

Qarorda Akfa universitetiga Toshkent viloyat hokimligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda universitetga zamonaviy o‘quv binolari, o‘quv-amaliyot binolari, kampuslar, sport inshootlari qurish va jihozlash uchun Toshkent viloyati, Qibray tumani, Unqo‘rg‘on QFY, Parvoz MFY hududida joylashgan, Toshkent shahar hokimligiga qarashli «Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik» MChJ balansida bo‘lgan 29,48 gektar yer maydonini doimiy foydalanishga ajratib berishni ta'minlash aytilgan.

«Avvalo, shunday muhim qarorlarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘lganimizdan xursandman. Lekin hozir bu yerda har bir gektari qimmat baholanadigan yer haqida gap ketyapti.

Qaysi xalqaro universitet, Cambridge yoki Oxford bilan hamkorlik qilishining ahamiyati yo‘q, Akfa universiteti ham xususiy tashkilot hisoblanadi. Bu yerda maqsad pul tikish va undan foyda olish», - deya qayd etdi Barnogul Sanaqulova.

Iqtisodchi «Agar shunday bo‘lsa, men ham xususiy universitet ochishim va davlatdan 30 gektar yer va soliq imtiyozlari so‘rashim mumkinmi?», - degan fikrni bildirdi.

Bundan tashqari, Barnogul Sanaqulova qaror loyihasida imtiyozlar taqdim etilayotgani uchun Akfa universitetiga 300-400 nafar kam ta'minlangan talabalarni to‘lovsiz o‘qitib berish majburiyati ham ko‘rsatilmaganini tanqid qildi.

«Bu qaror loyihasida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun, soliq qonunchiligi, monopoliyaga qarshi kurashish qonunchiligi tartiblari, «Yerdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunlarning bir necha o‘rinlari kuppa-kunduz kuni buzilyapti», - deya qayd etdi iqtisodchi.

Shuningdek, qaror loyihasida Toshkent shahar hokimligi «Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik» MChJga qarashli mulklarni buzish, daraxt ko‘chatlarini Toshkent shahriga ekish uchun ko‘chirish ishlarini tashkillashtirishi ko‘rsatilgan.

Bu bandga ham Barnogul Sanaqulova o‘z fikrini bildirib, nega yerni ochib, daraxtlarni ko‘chirib berish ham davlat hisobiga – Toshkent shahar hokimligiga topshirilayotganini tanqid qilgan.

Mazkur qaror loyihasiga iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov munosabat bildirar ekan, xizmatlari va o‘qish pullik bo‘lgan xususiy maqomdagi universitetga 29,48 gektar yer maydonini tekinga doimiy foydalanishga ajratib berilishi to‘g‘ri emas, o‘sha atrofdagi yerning bir sotixi 7 ming dollar turishini aytadi.

«Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik» MChJga qarashli mulklarni buzish, daraxt ko‘chatlarini Toshkent shahriga ekish uchun ko‘chirish Toshkent shahar hokimligi zimmasiga yuklatilgan. 30 gektar yerdagi mulkni buzish va daraxtlarni ko‘chirish soliq to‘lovchilar hisobiga tushadi», - deydi O.Bakirov.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, Hukumat qarori bilan Akfa universiteti 2022 yil 1 yanvarga qadar barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan, shuningdek Universitetni jihozlash va faoliyatini tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha «Akfa Medline» MChJ va Universitet tomonidan olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shu jumladan, laboratoriya uskunalari), kompyuter texnikasi, multimedia mahsulotlari, tibbiyot trenajyorlari, adabiyotlar, qurilish materiallari va inventar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilingan.

Kuni kecha Monopoliyaga qarshi kurashish davlat qo‘mitasi tomonidan normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylangan hujjat loyihasida “Akfa Medline” MChJ va Akfa universitetiga berilgan soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish taklif etilgan.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi

Mavzuga oid
Top