09:17 / 04.07.2020
21338

Kosmik parvoz: nima sababdan Ilon Maskning boyligi mart oyidan beri 20 mlrd dollarga ortdi

Foto: Yasin Ozturk / Anadolu Agency via Getty Images

Ilon Mask yangi rekord o‘rnatdi: pandemiyaga qaramay, uning boyligi uch oy ichida deyarli ikki baravar ko‘paydi. Forbes ro‘yxatida bo‘lgan vaqt davomida tadbirkor o‘z boyligini 19 baravarga oshirdi. Qanday qilib u muvaffaqiyatga erishdi va bu haqda qanday fikrda?

Chorshanba kuni Tesla’ning kapitallashuvi birinchi marta 208 milliard dollardan oshdi, shundan so‘ng kompaniya dunyodagi eng qimmat avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylanib, Yaponiyaning Toyota kompaniyasini ortda qoldirdi. Payshanba kuni elektr avtomobillar ishlab chiqaruvchining aksiyalari yanada o‘sdi: Tesla mashinalar savdosi prognozlardan ham oshib ketganini xabar qildi. Kompaniyaning bozor qiymati 224,5 milliard dollargacha ko‘tarildi.

Tesla bosh direktori, kompaniyaning 13 foiziga egalik qiluvchi Ilon Mask kotirovkalar o‘sishida boshqalardan ko‘proq pul ishlab oldi. Forbes ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan juma, 26 iyundan beri tadbirkorning boyligi 5,2 milliard dollarga oshdi va payshanba kungi savdolar yakunida 46,3 milliard dollarga yetdi. Mask Tesla’ning o‘ziga tegishli bo‘lgan aksiyalarini 2010 yildan, kompaniya ochiq bo‘lganidan beri biron marotaba ham sotmagan.

«Menga baribir, - deya izoh berdi Mask Forbes’ga elektron maktubda. - Bu raqamlarning barchasi ko‘tariladi, pasayadi, lekin eng muhimi, biz odamlarga yoqadigan mahsulotlar yaratyapmiz».

49 yoshli tadbirkor hozirda eng boy amerikaliklar ro‘yxatida 16-o‘rinni egallab turibdi. U sanoat magnati Chalz Kox va uning marhum akasi Devidning bevasi Juliya Koxdan ortda boryapti. Milliarderlarning global reytingida Mask 22-o‘rinda joylashgan. Mart oyi o‘rtalaridan boshlab, Forbes yangi reyting uchun milliarderlar boyligini qayd etganidan beri, Tesla asoschisi 9 pog‘onaga ko‘tarildi, uning boyligi esa 21,7 milliard dollarga o‘sdi.

Mask birinchi marta milliarderlar klubiga 2012 yilda kirgan. U eng boy 400 amerikalik reytingida 2,4 milliard dollar bilan 190-o‘rinni egallab, debyut qilgan. Hozirgi vaqtga kelib uning sarmoyasi 19 baravar ko‘paydi - atigi sakkiz yil ichida. Tesla aksiyalari qiymati avtomobil markasining sodiq muxlislari tufayli o‘sib bormoqda, ammo miqyosi jihatidan u hali ham raqobatchilardan orqada. 2020 yilning birinchi choragida kompaniya konveyerdan 103 mingta transport vositasi chiqardi - bu shu davrda ishlab chiqarilgan Toyota’dan 25 baravar kam.

Morgan Stanley tahlilchisi Adam Jonas 23 iyun kungi izohida investorlarni Tesla’ni Apple yoki Google singari texnologik kompaniyalar kabi, deb baho bermaslik to‘g‘risida ogohlantirdi. «Tesla biznes modeliga xos bo‘lgan muhim xususiyatlarni, shuningdek kompaniyaning kapital hajmini hisobga olish kerak», deya ta'kidlab o‘tdi u. Wedbush Securities tahlilchisi Den Ayvz biroz optimistik kayfiyatga ega hamda «o‘ta kuchli biznes model»ni qo‘llab-quvvatlaydi, aynan uning evaziga avtomobil ishlab chiqaruvchi pandemiya zarbasiga dosh bera oldi. «Bizning fikrimizcha, COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat sharoitida 90 ming dona mashina sotilganini mo‘jiza deb atash mumkin. Aksiyalarning o‘sib borishiga pul tikkan sarmoyadorlar ushbu tendensiyani butun bozor paradigmasini o‘zgartirish uchun potensial usul sifatida qabul qilishadi».

So‘nggi oylar ichida Tesla’ning shaxsiy mablag‘lari va kotirovkalari o‘sib bordi, Mask esa Twitter’da barcha ko‘chmas mulklaridan xalos bo‘lishga qaror qilganini yozdi. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, iyun o‘rtalarida u Bel-Eyrdagi uyni 62,9 million dollarga sotgan. Bundan tashqari, Los-Anjyelesning o‘sha qismida u yana to‘rtta ko‘chmas mulkni sotuvga qo‘ygani haqida xabar berilgan.

Mavzuga oid
Top