13:54 / 05.07.2020
54412

Toshkentda yana bir bemor koronavirusdan vafot etdi

Toshkentda 30 iyun kuni koronavirus aniqlangan 71 yoshli ayol olamdan o‘tdi. U O‘zbekistonda koronavirusning 32-qurboniga aylandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida koronavirusga chalingan 71 yoshli bemor o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berdi.

«Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashovchi, 71 yoshli onaxon M.G. joriy yil 30 iyun kuni koronavirus aniqlanganligi sababli Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. 

Unga «Yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, stenokardiya, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi» tashxisi qo‘yilgan.

Bemor bundan avval, oxirgi 10 yil davomida yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, stenokardiya, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib yurgan. So‘nggi bir oy ichida esa rejali gemodializ muolajalarini olishni boshlagan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli malakali shifokorlar tomonidan maslahatlar, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar o‘tkazilib, doimiy nazoratga olingan. Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bu O‘zbekistonda koronavirus tufayli qayd etilgan 32-o‘lim bo‘ldi.

Hozirgacha Toshkentda 18, Namanganda 4, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona va Qashqadaryoda bittadan o‘lim ro‘y berdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top