19:21 / 07.07.2020
16689

G‘afur G‘ulom bog‘ini modernizatsiya qilish uchun 49 yilga xorij kompaniyasiga berish ko‘zda tutilgan – Toshkent shahar hokimligi

Foto: G‘afur G‘ulom bog‘i

Toshkent shahar hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda G‘afur G‘ulom bog‘i o‘rnida yangi turar joylar va biznes markaz qurilishi mumkinligi yuzasidan bildirilgan fikrlarga munosabat bildirdi.

“Yurtdoshlarimizni ishontirib aytamizki, ushbu xavfsirashlar asossiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19.12.2018 yildagi PQ-4067 sonli “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta'minlash maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 08.09.2019 yildagi 670-sonli farmoyishiga asosan, Toshkent shahar hokimining 15.08.2019 yildagi 1126-sonli qarori qabul qilinib, unga ko‘ra Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh ko‘chasi 21 manzilida joylashgan G‘afur G‘ulom madaniyat va istirohat bog‘ini 49 yilga BMP Smart Decision Private Limited xorij kompaniyasiga – uni modernizatsiya qilish va jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy parkni barpo qilishga oid investitsion majburiyat bilan berish ko‘zda tutilgan”, deyiladi poytaxt hokimligi rasmiy veb saytida.

 Ma'lum qilinishicha, modernizatsiya loyihasi o‘z ichiga o‘tgan asrning 80-yillarda o‘rnatilgan eski attraksionlarni yangilariga almashtirishni, shuningdek, bog‘ning yashil hududini, bog‘da o‘sayotgan Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi xatlovidan o‘tkazilgan daraxtlarga qo‘shimcha ravishda, yangi daraxtlar bilan to‘ldirishni o‘z ichiga oladi. Rekonstruksiyadan keyin bog‘ga kirish avvalgiday bepulligicha qoladi.

 “Jamoatchilikni ushbu loyiha bilan batafsilroq tanishtirish uchun investor vakili bilan uchrashuv tashkil etiladi. Uchrashuv sanasi haqida qo‘shimcha tarzda xabar beramiz”, deyilgan hokimlik tomonidan.

Mavzuga oid
Top