09:30 / 07.07.2020
22353

Urganch shahrida fuqarolarni norozi qilgan qurilish to‘xtatildi, biroq muammolar yangilandi

Urganch shahrining «Temiryo‘lchi» mahallasi hududida fuqarolarni norozi qilgan xususiy tibbiyot klinikasi qurilishi to‘xtatildi.

Xorazm viloyati markazi Urganch shahrining «Temiryo‘lchi» mahallasi hududida xususiy tibbiyot klinikasi qurilishi boshlangan, ammo yaqin atrofdagi uylarda yashovchi aholi bundan qattiq norozi bo‘lib, qurilish to‘xtatilishini talab qilishgan edi. Bu haqda saytida «Urganch shahridagi mahallada xususiy klinika qurilishi boshlandi. Fuqarolar bunga qarshi bo‘lishmoqda» sarlavhali material ham e'lon qilingan edi.

Dastlab, Qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi aholi tomonidan qilingan murojaatdan so‘ng, xususiy tibbiyot klinikasi qurilishi uchun berilgan ruxsatnomani bekor qildi. Bunga Shaharsozlik Kodeksining 4-moddasi 7-qismi asos qilib olindi. Unda «Agar shaharsozlik faoliyati jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga zid bo‘lsa, bunday faoliyat tugatilishi kerakligi» belgilangan. Odamlar orasida kelib chiqqan norozilik aynan shuni anglatadi.

Bundan tashqari, mahalla aholisi vakillarining xabar berishicha, Urganch shahri hokimi Shuhrat Abdullayev xususiy klinika qurilishi to‘xtatilgani, endi bu joyda archazorlardan iborat yashil hudud barpo etilishini ma'lum qilgan. Shundan so‘ng, qurilish boshlangan hududdagi katta kotlovan ko‘milib, archalar ekildi.

Qayd etish joizki, odamlarning faol fuqarolik pozitsiyasiga ega ekani, turli bosimlarga qaramay, qonunda ko‘zda tutilgan qulay yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti bilan ta'minlanish huquqini qat'iyat bilan talab qilishlari natijasida, «Temiryo‘lchi» mahallasi aholisi Urganch shahar hokimligi bilan yuzaga kelgan mojaroda «g‘alabaga» erishdi. Ammo, ularning qarshisida yangi muammolar paydo bo‘ldi.

Birinchidan, hozirgi vaqtda qurilish to‘xtatilgan hududga tuproq tortilib, archalar ekilgan. Aslida bu joy avtomobillar saqlanishi uchun mo‘ljallangan mo‘'jaz maydoncha edi. Atrofdagi uylar aholisi shaxsiy transport vositalarini shu joyga qo‘yishardi. Endi bunday joy yo‘q.

Ikkinchidan, qurilish ishlari boshlanganida piyodalar va transport vositalari yuradigan yo‘lak buzib tashlandi. Ko‘p yillik daraxtlar qo‘porildi, gulzorlar payhon qilindi. Obod bo‘lib turgan joy abgor ahvolga keltirildi. Endi bularni kim joyiga qaytaradi?

Uchinchidan, archa ekilgan hududda yer ostidan suv sizib chiqmoqda. Katta ehtimol bilan quruvchi kotlovan qaziganida ichimlik suvi yoki kanalizatsiya quvurlariga zarar yetkazgan bo‘lishi ham mumkin. Bu holat odamlarni yanada xavotirga solyapti. Endi quvurlarni ta'mirlash bahonasida archazor ham buzib tashlanadimi?

O‘zi bu hududdagi uylarning ba'zilarida bir necha yillardan beri ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo bor edi. Aholi ichimlik suvi ta'minotida bosim pastligidan shikoyat qilib kelayotgan, mutasaddilar esa muammo tez orada hal qilinishi haqidagi va'dalarni berishdan nariga o‘tmayotgandi. Agar ichimlik suvi quvurlariga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu muammo yanada chuqurlashadi.

Urganch shahri hokimligi Shaharsozlik Kodeksi talablarini bajarib, fuqarolarni norozi qilgan qurilishni to‘xtatgani quvonarli hol. O‘ylaymizki, yangi paydo bo‘lgan muammolar ham qisqa vaqtda yechimini topadi.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top