15:39 / 08.07.2020
59932

«70-80 foiz holatda kasallik simptomsiz kechmoqda» - Anvar Alimov kasallanish zanjirini uzish zaruriyati haqida gapirdi

Tibbiyot fanlari doktori, professor Anvar Alimov aholidan karantin cheklovlari qaytarilishini to‘g‘ri tushunishga chaqirdi.

«Karantinni mensimagan davlatlar, xususan, Yevropa davlatlari 2-3 haftaga kechikdi. Shuning uchun bugungi holatda karantinga qaytish kasallik avj olishining oldini olishga qaratilgan bo‘lib, buni xalq to‘g‘ri tushunishi kerak. Ijtimoiy obektlar yopiladi va cheklovlar kuchayishi mumkin, lekin bu xalq sog‘ligini o‘ylab qilinyapti. O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib tashkil etilgan karantin zonalari JSST tomonidan ham e'tirof etildi. Biroq hozir kasallanayotganlar soni imkoniyatlarimizdan ko‘p», deydi u. 

Anvar Alimovning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning 5 foizida kasallik og‘ir bosqichda kechmoqda.

«O‘zbekistonda kasallinish holatlari ko‘rsatkichi bir hafta oldin 100 ming aholiga 25 kishi to‘g‘ri kelayotgandi. Bir hafta ichida bu ko‘rsatkich 35ga yaqinlashdi.

Dunyo bo‘yicha o‘lim ko‘rsatkichi umumiy 5 foiz, Yevropada 12 foiz, AQShda 9 foiz, Rossiyada 1,5 foiz, O‘zbekistonda 0,3 foizni tashkil qilmoqda. 

Koronavirusning grippga nisbatan o‘lim ko‘rsatkichi 10 baravar yuqori. Gripp va boshqa ORVI kasalliklarida 98 foiz holatda xastalik tashqi simptomlar bilan kechsa, koronavirusda 70-80 foiz holatda simptomsiz kechmoqda. Kasallik O‘zbekistonda 5 foiz holatda og‘ir bosqichda kechmoqda», degan u.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi davrida tibbiyot tizimiga tushayotgan yuklama boshqa kasalliklarga chalingan bemorlarga yordam ko‘rsatishni qiyinlashtirayotganini ta'kidlab o‘tildi.

«O‘zbekistonda tibbiyot yo‘nalishiga ketayotgan xarajatlar 1 trln so‘mdan oshib ketdi. 1 mln 200 mingdan ortiq tashxis qo‘yish testlari ishlatildi. Respublikada mavjud kasalxonalar jami o‘rin fondlarining 12 foizi faqatgina koronavirus bemorlari uchun ajratilgan. Xususan, yuqumli kasalliklar, ko‘p tarmoqli kattalar shifoxonalari, ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonalari, tumanlardagi reabilitatsion bo‘limlar, ixtisoslashgan kasalxonalar, jumladan, 4ta endokrinologiya shifoxonasi koronavirus bemorlarini qabul qilmoqda.

Kasallik ko‘rsatkichlarining bunday oshishi tibbiyot tizimiga yuklamani shunchalik oshirishi mumkinki, tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari – kardiologiya, onkologiya va boshqa yo‘nalishlardagi kasalliklarga e'tibor susayishi, ularga ajratilgan o‘rinlarning ham koronavirusni davolash uchun berilishiga sabab bo‘ladi, natijada boshqa kasalliklarning og‘ir kechishi, surunkali shaklga o‘tishi ehtimoli oshadi.

Agar karantin qoidalarini butun respublika bo‘yicha 20 kunga joriy etsak, kasallanish zanjirini 95-98 foizga uzamiz. Hozir qanaqa bo‘lyapti? Har kuni eshitamiz, u bozor yopildi, bu bozor yopildi, degan gapni. Ammo zanjir uzilmayapti. Bozor 10 kun yopiladi, keyin 1 hafta ishlaydi, zanjir uzilmaydi.

Hayot ko‘rsatyaptiki, korxonalarga karantin qoidalariga rioya etgan holda ishlashga ruxsat berilishi zanjir uzilishini ta'minlay olmayapti», dedi u.

Mavzu
COVID-19: Foydali ma’lumotlar
COVID-19 profilaktikasi, simptomlari, davo choralari va mutaxassislar tavsiyalari
Barchasi
Mavzuga oid
Top