22:02 / 08.07.2020
11375

FQB rahbari AQSh uchun bosh xavfni ma'lum qildi  

AQShning Federal qidiruvlar byurosi rahbari Kristofer Rey Xitoyni uzoq muddatli istiqbolda AQSh uchun bosh xavf deb atadi. U bu haqda Vashingtondagi Gudzon institutidagi chiqishi vaqtida aytib o‘tgan. 

“Xitoy tomonidan amalga oshirilgan josuslik va o‘g‘riliklar AQSh uchun eng katta uzoq muddatli xavfni bildiradi”, deb aytgan Rey.

Uning ta'kidlashicha, Xitoy har qanday vositalar bilan yagona hukmron davlatga aylanishga harakat qilmoqda. FQB direktori o‘z nutqida Xitoyning AQSh siyosatiga aralashuvini tasvirlab bergan. Bu aralashuv iqtisodiy josuslik, ma'lumotlar va mablag‘lar o‘g‘irlanishi hamda ta'sir qilishning korrupsiyaviy usullarini o‘z ichiga oladi. 

Reyning aytishicha, “bu borada shunday nuqtaga yetilganki, FQB Xitoyga nisbatan har 10 soatda yangi kontrrazvedka ishi ochmoqda, AQShda kontrrazvedka olib borayotgan 5 mingta ishdan deyarli yarmi Xitoy bilan bog‘langan”.

FQB direktori o‘z nutqida Xitoy prezidenti Si Tszinpin tashabbus bildirgan va xorijda yashovchi xitoyliklarni qidirishga qaratilgan “Tulkilarga ov” deb nomlangan dasturni eslab o‘tgan. “Gap siyosiy raqiblar, dissidentlar va Xitoydagi inson huquqlari buzilishini fosh qilishga intilayotgan tanqidchilar haqida bormoqda. Xitoy hukumati ularning ortga qaytishini istamoqda va uning bunga erishishda qo‘llayotgan usullari karaxt holga soladi”, deb aytgan Rey.

“Tulkilarga ov” dasturi 2015 yilda yo‘lga qo‘yilgan va AQSh ma'lumotlariga ko‘ra, uning doirasida minglab xitoylik qochqinlar ushlangan. Pekinda ushbu dastur korrupsiyaga qarshi kampaniya sifatida ta'riflanib, har qanday yo‘l bilan himoya qilinadi.    

Rey, shuningdek, Xitoy razvedkasi bunday qochqinlarni izlashda qo‘llagan usullar haqida ham so‘zlab o‘tgan. “Ular nishonga olinganlardan birini topa olmaganda, Xitoy hukumati AQShdagi dissidentning oilasiga agent jo‘natgan. U dissident oilasiga qanday xabar yetkazgan? Dissidentda ikkita yo‘l bo‘lgan: Xitoyga qaytish yoki o‘z joniga qasd qilish”, deb ta'kidlab o‘tgan FQB rahbari.  

Top