16:33 / 09.07.2020
43128

Hokimlarning ayrim vakolatlari boshqa organlarga o‘tkazildi

Chet tillarini o‘rgatuvchi o‘quv markazlari, dorixonalar va riyeltorlarga litsenziya berish hokimliklar vakolatidan chiqarildi.

O‘zbekistonda hokimliklarning litsenziyalash va ruxsat berishga oid bir qancha vakolatlari boshqa davlat organlariga o‘tkazildi. Tegishli hukumat qarori 7 iyul kuni imzolangan.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, hujjat bilan,

  • chet tillarni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish faoliyatini litsenziyalash – Xalq ta'limi vazirligi va viloyat xalq ta'limi boshqarmalariga;
  • dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash – Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining hududiy bo‘linmalariga;
  • rieltorlik faoliyatini litsenziyalash – Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalariga;
  • alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilishga ruxsat etuvchi maxsus guvohnomalar berish – tuman (shahar) soliq inspeksiyalariga o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilgi davlat dasturi loyihasida hokimlarning vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish, ularga xos bo‘lmagan va takrorlanuvchi funksiyalarni tegishli organlarga o‘tkazish belgilangan.

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil boshida parlamentga qilgan murojaatida ham aytib o‘tgandi.

«Amaldagi qonun hujjatlarida hokimliklarning 300ga yaqin vazifa va funksiyalari nazarda tutilgan. Shundan 175tasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra hokimlarning asosiy vazifalari toifasiga kirmaydi va turli idoralarning funksiyalarini takrorlaydi», – degandi davlat rahbari.

Top