16:36 / 10.07.2020
5449

50 foizdan yuqori bitiruvchisi talaba bo‘lgan maktab direktorlarini hech kim vazirlik bilan kelishmasdan ishdan ozod eta olmaydi – XTV

Xalq ta'limi vazirligining ma'lum qilishicha, 50 foizdan yuqori bitiruvchisi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirgan maktab direktorlarini hech kim vazirlik bilan kelishmasdan ishdan ozod eta olmaydi. Shuningdek, bunday natija ko‘rsatgan direktorlar XTVning o‘ziga xos «oltin zaxirasi»ga kiritilishi ma'lum qilindi.

XTV axborot xizmatining qayd etishicha, vazir Sherzod Shermatov boshchiligida o‘tkazilgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida joylarda rahbar kadrlar bilan ishlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokama qilingan.  Vazirlik nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga tavsiya etilgan nomzodlarning tahlili va bu borada amalga oshirilgan ishlar, nomzodlarni tavsiya etish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar alohida tanqidiy ruhda ko‘rib chiqilgan.

«Yig‘ilishda Sherzod Shermatov xalq ta'limi sohasida muammolarning tizimli ravishda hal qilinib, yuqori natijalarga erishilishida munosib kadrlarni tanlash va tayinlash muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi.

Bugungi kunda Xalq ta'limi vazirligi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlar viloyat boshqarmalari tomonidan malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada ta'minlanmayotganligi, ish.uzedu.uz portali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, joylarda nomzodlar ochiq mustaqil tanlov orqali shaffof tarzda saralab olinmayotganligi kabi bir qator tizimli muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Xususan Xalq ta'limi vazirligi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlar bo‘yicha jami 46 ta, shundan 35 ta tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limi mudiri, hududiy xalq ta'limi boshqarmalarida 11 ta rahbarlik lavozimlari vakant hisoblanadi, 24 ta lavozimga tavsiya etilgan nomzodlar o‘rganilmoqda», deyiladi vazirlik axborot xizmati tomonidan e'lon qilingan xabarda.

Yig‘ilishda, noloyiq nomzod berish bilan chegaralanib qolayotgan hududiy rahbarlar faoliyatiga tanqidiy baho berilgan. Xususan, tegishli lavozimlarga tavsiya etilayotgan nomzodlarning faoliyatini yuzaki o‘rganish, hamda birorta bitiruvchisi oliy ta'lim muassasalariga kirmagan maktab direktorini tuman xalq ta'limi bo‘limi rahbari lavozimiga tavsiya etish holatiga yo‘l qo‘ygani uchun Surxondaryo viloyati xalq ta'limi boshqarmasi rahbari Ilhom Safarovga hayfsan e'lon qilingan.

Ma'lum bo‘lishicha, barcha hududiy boshqarmalar bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari bo‘yicha qat'iy ogohlantirilgan, jumladan, rahbar kadrlar bilan ishlashda quyidagilarga alohida e'tibor qaratish ta'kidlangan:

– Yuqori natija ko‘rsatgan maktab direktorlari yuqori lavozimlarga zaxiraga olinadi hamda tizimli ravishda soha va davlat mukofotlariga tavsiya etiladi. Xususan, 50 foizdan yuqori bitiruvchisi oliy ta'lim muassasalariga kirgan direktorlar Xalq ta'limi vazirligining o‘ziga xos “oltin zaxirasi”ga kiritaladi va ularni hech kim Vazirlik bilan kelishmasdan ishdan ozod eta olmaydi;

– Past natija ko‘rsatgan maktab direktorlari, xususan, birorta bitiruvchisi oliy ta'lim muassasasiga kirmaganlari lavozimiga loyiqlik masalasi ko‘rib chiqiladi. Aynan shunday maktablarga tuman rahbarlari ko‘proq borib, muammolarni o‘rganib, ularni natijalarini yaxshilashga harakat qilishi kerak. 

Yig‘ilishda respublikamiz umumta'lim maktablarida qizg‘in davom etayotgan 2020-2021 o‘quv yili uchun 1-sinfga o‘quvchilarni qabul qilinish jarayonida karantin qoidalariga rioya etish, korrupsiya holatlarini oldini olish masalalariga alohida e'tibor qaratish bo‘yicha alohida topshiriq va ko‘rsatmalar berilgan.

Top