08:42 / 10.07.2020
10323

AQShning bosh infeksionisti pandemiya endigina boshlang‘ich bosqichda ekanini aytdi

AQShning bosh infeksionisti Entoni Fauchi Italiyaning Corriere Della Sera nashriga bergan intervyusida koronavirus pandemiyasi endigina boshlang‘ich bosqichda ekanini aytdi

Uning ta'kidlashicha, virus Braziliya, JAR va Osiyoda jadal tarqalmoqda va shu sababli koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashmoqda.  

“Biz Braziliya, JAR va Osiyoda yirik avj olishlarni ko‘rmoqdamiz, shu sababli global pandemiyaning boshlang‘ich bosqichida qolmoqdamiz. U ehtimol kuchsizlanishdan oldin kuchayadi”, deb aytgan Fauchi.

Mutaxassisning aytishicha, virus vaqt o‘tishi bilan kuchsizlanishining hech qanday isboti yo‘q. “Koronavirus uni ushlab turishning ishonchli choralari ko‘rilmaguncha yoki vaksina ishlab chiqilmaguncha biz bilan qoladi”, deb aytgan infeksionist.

Fauchi vaksinaning ishlab chiqilishi muddatlari haqida gapirib, bu ehtimol 2020 yil oxiri yoki 2021 yil boshida yuz berishini aytgan. U AQShda hali ham koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘linmaganini tan olgan. 

“Ba'zi shtatlar cheklovlarni yumshatib, iqtisodiy faoliyatni juda tez tiklashga uringani yomon bo‘ldi. Ko‘plab odamlar, ayniqsa yoshlar karantin tavsiyalariga rioya qilmadi. Natijada biz Kaliforniya, Arizona, Florida va Texasda yangi kasallanish holatlari soni ko‘payayotganini kuzatmoqdamiz”, deb ta'kidlab o‘tgan mutaxassis. 

Fauchi pandemiyaga qarshi barcha davlatlar muvofiqlashgan holda harakat qilishi lozimligini ta'kidlab o‘tgan. U, shuningdek, JSSTning virusga qarshi kurashdagi ahamiyatini qayd qilib o‘tgan. Mutaxassisning ta'kidlashicha, ushbu tashkilot kamchiliklarga qaramasdan dunyoga kerak.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top