19:52 / 10.07.2020
10586

Ford xodimlari rahbariyatdan politsiya uchun mashinalar ishlab chiqarishni to‘xtatishni talab qilishdi 

Foto: Ford

Ford xodimlari kompaniya rahbariyatiga maktub yozib, unda amerikalik politsiyachilar uchun avtomobil ishlab chiqarishni va yetkazishni to‘xtatishni talab qilishdi. Ularning fikricha, bunday mashinalar AQShdagi irqchilik ramzlaridan biri hisoblanadi. 

Jalopnik nashrining yozishicha, maktubga 100 ga yaqin ishchi imzo qo‘ygan va u kompaniya bosh direktori Jim Xakett hamda direktorlar kengashi raisi Bill Fordga yo‘llangan.

Bu orada kompaniya rahbari politsiya mashinalarini ishlab chiqarishni to‘xtatishdan bosh tortgan. U politsiya aynan shu avtomobillar evaziga barcha fuqarolar xavfsizligini eng yuqori darajada ta'minlashini aytgan.

AQShda politsiya zo‘ravonligi va irqchilikka qarshi namoyishlar politsiyachi tomonidan qora tanli Jorj Floyd o‘ldirilgandan keyin avj olgan. Ta'kidlanishicha, Floydning qo‘lga olinishi aynan Ford rusumidagi politsiya mashinasi oldida yuz bergan. Shuningdek, bunday mashinalardan namoyishchilarni tarqatishda foydalanilgan.  

Ford AQSh politsiyasi uchun mashinalarni 1950 yildan beri ishlab chiqaradi. Kompaniya yiliga 30 mingtaga yaqin maxsus transport vositasi ishlab chiqaradi.

Top