12:55 / 11.07.2020
10321

Davlat xizmatlari markazlari va FHDYo idoralari 10 iyuldan onlayn shaklda ishlayotgani ma'lum qilindi

Davlat xizmatlari agentligining xabar berishicha, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilishi munosabati bilan 10 iyulidan boshlab davlat xizmatlari markazlari va FHDYo idoralari onlayn shaklda ishlashga o‘tkazilgan.

«Davlat xizmatlari agentligi va agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlari boshqarmalariga jismoniy va yuridik shaxslardan murojaatlarni qabul qilish va ular bilan ishlash faqat elektron pochta orqali amalga oshiriladi.

Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlari elektron shaklda my.gov.uz portali orqali onlayn tarzda va faqat kechiktirib bo‘lmaydigan holatlardagina idoralarda amalga oshiriladi.

FHDYo bo‘limlarida fuqarolarni qabul qilish xodimlarning navbatchiligi asosida kechiktirib bo‘lmaydigan holatlardagina (tug‘ilish va o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish) tashkil qilingan darcha orqali amalga oshiriladi», deyiladi rasmiy xabarda.

Agentlik fuqarolarni barcha binolarga kiritish faqat belgilangan navbat va vaqtga rioya etilgan holda hamda tibbiy niqob taqilgan, qo‘llar antiseptik vositalar bilan yuvilgan va tana harorati teplovizorlar orqali o‘lchangandan keyin yo‘l qo‘yilishi, bino tashqarisi va ichida fuqarolar o‘zaro masofa (2 metr) saqlashlari lozimligini eslatib o‘tgan.

Qayd etilishicha, ushbu vaqtinchalik cheklovlar respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan tatbiq qilinmoqda.

Agentlik idoralardagi xodimlar mehnatga ta'tiliga chiqarilgani va xodimlarning bir qismi masofadan turib ishlashga o‘tgani sababli idoralar faoliyatida ayrim uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Mavzuga oid
Top