15:46 / 12.07.2020
14110

Buxoroda «SES» xodimi hamshiraga qo‘l ko‘targan. IIB voqeaga izoh berdi

Buxoro viloyat IIB axborot xizmatiga ko‘ra, joriy yil 11 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda DSENB xodimasi hamshirani hushidan ketguncha kaltaklagan, deb izoh berilgan ikki daqiqalik video tarqalgan. 

Ma'lum bo‘lishicha, 10 iyul kuni shahardagi 11-son oilaviy poliklinika hamshirasi N.P. Buxoro shahar Sanoatchilar ko‘chasida joylashgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ulgurji sotish bozoriga kirish joyida o‘rnatilgan dezinfeksiya tunnelida fuqarolarning tana haroratini o‘lchash uchun xizmatga jalb qilingan.

Kun issiq bo‘lgani sababli o‘sha yerdagi qorovulxonada biroz dam olib, yana xizmatga chiqayotgan vaqtida shu bozorda xizmat olib borayotgan Buxoro shahar DSENB xodimi, 1986 yilda tug‘ilgan M.A. kelib hamshiraga xizmat joyini tashlab ketgani uchun tanbeh bergan. Ular o‘rtasida yuzaga kelgan nizoli holatda M.A. hamshiraning yuz qismiga qo‘li bilan urgan.

Shu yerda xizmat olib borayotgan IIB va Milliy gvardiya xodimlari  vaziyatni bartaraf etayotgan vaqtda hamshiraning ahvoli yomonlashib, hushsizlanib yiqilgan. Unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgach, har ikkisi ham surishtiruv ishlari olib borish uchun Buxoro shahar IIO FMB 3-son IIBga olib ketilgan.

«Hozirda sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib bormoqda», deyiladi Buxoro viloyati IIB Axborot xizmatining Kun.uz ’ga bergan ma'lumotida.

Top