22:38 / 13.07.2020
3045

Talabalar vizalari sababli AQSh shtatlari Tramp ma'muriyatini sudga berdi

Avvalroq Harvard universiteti va Massachusets texnologiya instituti ham hukumatni xuddi shu masala bo‘yicha sudga bergandi.

AQShning 17 shtati va Kolumbiya poytaxt okrugi talabalar vizalari bo‘yicha cheklov choralarini bekor qilishni talab qilib prezident Donald Tramp ma'muriyatini sudga berdi.

Avvalroq prezident ma'muriyati xorijlik talabalar AQShda kunduzgi shaklda o‘qishi yoki mamlakatni tark etishini talab qilgandi. Aksariyat universitetlar koronavirus pandemiyasi sababli yaqin kelajakda kunduzgi ta'lim shakliga qo‘yilgan cheklovlarni saqlab qolishni ko‘zda tutmoqda.

Shtatlarning da'vosida federal hukumatning bu harakati "shafqatsiz, kutilmagan va noqonuniy" deb baholangan. Da'vo arizasida aytilishicha, ma'muriyatning bu chorasi talabalarning o‘qishdan chetlatilishiga yoki epidemiya avjiga chiqqan pallada xavfli tarzda kunduzgi ta'limning yo‘lga qo‘yilishiga olib keladi.

Suddan ushbu farmonning kuchga kirishini kechiktirish, so‘ngra esa uni butunlay bekor qilish va amalga oshishini taqiqlash talab qilinmoqda.

"Tramp ma'muriyati fakultetlarni xalqaro talabalarni saqlab qolish hamda o‘z kampuslarida sog‘liqni saqlash va xavfsizlikni ta'minlashdan birini tanlashga majbur qiluvchi bu shafqatsiz chorani asoslab berishga ham harakat qilmadi", - deyiladi Massachusets shtati bosh prokurori Mora Xilining shtatlar nomidan bergan bayonotida.

Ommaviy da'voda qatnashmagan Kaliforniya shtati hamda Harvard universiteti va Massachusets texnologiya instituti ham ana shunday da'vo bilan sudga murojaat qilgan. Bu masala bo‘yicha dastlabki tanlov shu haftada Bostonda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top