17:26 / 14.07.2020
8640

Ukraina tashqi ishlar vaziri Saakashvilidan shikoyat qildi

Foto: Reuters

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba islohotlar bo‘yicha milliy kengash ijroiya qo‘mitasi rahbari Mixail Saakashvilining Gruziyaga nisbatan har bir bayonotidan so‘ng mamlakat qiyin ahvolda qolayotganligini aytdi.

"Mamlakatni ifoda etishga haqqi yo‘q, ammo saylovlar arafasida Gruziyadagi vaziyatni faol izohlaydigan Ukraina fuqarosi bor. Bu fuqaroning ismi - Mixail Saakashvili. Uning har bir bayonoti Ukraina elchisining Gruziya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilishi va unga norozilik bildirilishi bilan tugamoqda. Xususiy shaxs chiqish qilyapti, davlat esa, kechirasizlar-u, terlayapti", - dedi Kuleba.

U Ukraina Gruziya bilan ikki tomonlama munosabatlarning barqarorlashiga umid qilayotganini aytdi.

"Har qanday yakka shaxsning bayonotlari xalqlarimiz yoki mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni buzmasligiga ishonchim komil", - deb qo‘shib qo‘ydi Kuleba.

 Saakashvili avvalroq Facebook sahifasida Gruziya hukumatining qonuniyligini tan olmasligini yozgandi. U shuningdek, Gruziyada oktabr oxirida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida "oldingi chiziqda" bo‘lishini qo‘shimcha qilgan. Shundan so‘ng Gruziya hukumati Kiyevdan Saakashvilining bayonoti bo‘yicha izoh talab qildi.

Gruziyaning sobiq prezidenti Saakashvili mamlakatni 2013 yilda tark etgan, unga nisbatan qator jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. 2015 yilda u Ukraina siyosatiga kirib kelgan. Shu yilning may oyida Saakashvili Ukrainaning islohotlar bo‘yicha milliy kengash ijroiya qo‘mitasi rahbari etib tayinlangan.

Mavzuga oid
Top