17:57 / 15.07.2020
16754

XTV o‘qituvchilarni o‘quvchilarning natijasiga qarab rag‘batlantirish mexanizmini ishlab chiqmoqda

Maktab direktorlari faoliyati qaysi mezonlar bilan baholanishi ma'lum qilindi.

Endilikda maktab direktorlarining faoliyatiga ular rahbarlik qilayotgan ta'lim muassasasi bitiruvchilarining hayotda o‘rnini topa olish darajasidan kelib chiqqan holda baho beriladi.

Xalq ta'limi vaziri birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan brifingda maktab direktorlarini rag‘batlantirish tizimi haqida ma'lumot berildi.

«Maktab direktorlarining faoliyatiga bundan buyon bitiruvchilarning hayotda o‘z o‘rnini topganlik darajasiga qarab baho beriladi. Direktorlar va o‘qituvchilarning o‘z bitiruvchilari kelajagiga jiddiyroq yondashishi borasidagi rag‘batlantirish mexanizmini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan bo‘lib, hozirda vazirlik tomonidan mazkur mexanizm mezonlari ustida ishlanmoqda.

Xususan, bunda bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirishdagi natijalari, o‘qishga qamrab olinmagan bitiruvchilarning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi, direktorlarning o‘z jamoasidagi o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga berayotgan e'tibori kabi jihatlar e'tiborga olinadi», deya Sharifxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Maktab bitiruvchilariga kasbiy ko‘nikmalar bo‘yicha xalqaro sertifikat berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

«O‘quvchilarning qaysi kasbga moyilligi 7-sinfdan boshlab belgilab boriladi. 8-9-sinflarda ular darslar davomida zamonaviy va istiqboli bor kasblar bilan tanishtiriladi. 10-sinfda esa davlat va nodavlat kasbga o‘rgatish markazlari bilan hamkorlikda kasbga tayyorlash amalga oshiriladi.

Xalq ta'limi vazirligi huzurida «Kasbga tayyorlash va sertifikatlash» markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Mazkur markaz 11-sinf bitiruvchilarining maktab ta'limi davomida egallagan kasbiy ko‘nikmalari bo‘yicha xalqaro darajada tan olinadigan sertifikatlar berish bilan shug‘ullanadi», dedi vazirlik rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, 14 iyul kuni prezident rahbarligida o‘tgan selektorda o‘quvchilarni maktabdanoq kasbga o‘qitish tizimini joriy etish, navbatdagi o‘quv yilidan boshlab maktab direktori va o‘qituvchilarga o‘quvchilarning oliy ta'limga kirishi, ish topishi darajasiga qarab oshirilgan ish haqi to‘lanishini joriy etish topshirig‘i berilgan edi.

Top