12:59 / 16.07.2020
34519

«Test yo‘q, 1197ga tushib bo‘lmaydi, rag‘bat pullari to‘lanmayapti...» - odamlar nimalardan norozi bo‘lmoqda?

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining avj olishi va qat'iy karantin belgilanishi ortidan, Kun.uz tahririyatiga hozirgi vaziyatga taalluqli turli murojaatlar kelib tushishi ko‘paydi.

Shu bugun odamlarimiz duch kelayotgan qiyinchiliklarni birmuncha jonliroq aks ettirish maqsadida ushbu murojaatlarning ayrimlarini taqdim etishga qaror qildik.

«Ukam 10 kundan beri isitmalaydi, test topshirolmayapmiz»

Toshkent shahri Olmazor tumani Qoraqamish 2/5 dahasidan Sardorjon: «10 kundan beri ukam isitmalab (38-39 gradus) yotibdi. Oilaviy poliklinikaga har kuni murojaat qildik. Doktorlar faqat telefon orqali 2 marta ukamning ahvolidan xabar olishdi, lekin uyga kelishmadi. Telefonda: «Chiqmaymiz, chiqolmaymiz», deb telefonni qo‘yib qo‘yishyapti. COVID-19`ga analiz topshirish uchun har bitta tumanga murojaat qildim. Xech qaysisi ishlamayapti, hatto xususiy klinikalar ham. Inson taqdiriga befarq hammasi. Kimga murojaat qilaylik?»

Yunus: «Bugun test topshirish uchun 1-sonli shahar shifoxonasi tashqarisida joylashgan «Klin Slislap» klinikasiga bordim. U yerdagilar bugundan COVID-19'ga test olishmayotganini bildirishdi. U yerdan chiqib, shifoxona avtoturargohida bir mikroavtobusda test olinayotganini eshitdim. Borsam, odam juda ko‘p, lekin test olinmayapti. Mikroavtobus qulflangan, haydovchisi ishlashmayotganini aytdi. Keyin Uchtepa SESga bordim, u yerda ham test olinmayapti. Odamlar sarson».

«Xasta otamni Rossiyadan qanday qaytarsam bo‘ladi?»

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidan Dilmurod: «Murojaat qilishimdan maqsad – RFning Xanti-Mansiysk avtonom okrugi Surgut shahrida yollanma ishchi bo‘lib ishlab kelayotgan otam To‘lqin Sanaqulov joriy yilning 26 iyun kuni o‘zi ishlayotgan qurilish binosining zinasidan yiqilib, ikkala qo‘l suyaklarini ham sindirib olgan. Otamni ko‘rikdan o‘tkazgan shifokorlar jarrohlik operatsiyasini o‘tkazish lozimligini ta'kidlamoqdalar. Hozirda u yerda otamning hech kimi yo‘q. Shuning uchun otamni O‘zbekistonga olib kelib operatsiya qilish kerak. Buning ustiga, ikkala qo‘li ham singan odamga alohida parvarish kerak, ovqat qilib yedirish, yuvintirish va tashqariga chiqarish va h.k. Otamni O‘zbekistonga tezroq olib kelish va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun amaliy yordamga muhtojman. Ularni O‘zbekistonga olib kelish uchun ketadigan barcha xarajatlarni o‘z zimmamga olaman».

Mehmonxonadagilar uchun ham karantin qisqartirildimi?

Andijon tumanidan Shuhrat: «7 iyul kuni Istanbuldan Toshkentga uchib keldim va mehmonxonaga karantinga joylashdim. Kun.uz saytida bir yangilikni o‘qidim. Unda karantin muddati 14 kundan 10 kunga qisqartirilgani haqida yozilgan edi. Shu 10 kunga qisqartirilgani bizga nisbatan ham qo‘llaniladimi yoki yo‘qmi? Mehmonxona xodimlari hech nima aytmayapti».

«Yordamga muhtojlar uchun e'lon qilingan raqamlarga tushib bo‘lmayapti»

Bekobod tumanidan Gulchiroy: «Karantin sababli oilaviy qiyin ahvolga tushib qoldik. Dadam usta, onam uy bekasi, o‘zim davlat xususiy sherikchilik bog‘chasida ishlardim. Karantin sababli ishim to‘xtatildi. Hatto mart oyida ishlagan bo‘lsak-da, martning ham oylik maoshini ololganimiz yo‘q. Shuncha yillar davomida hech qayerdan hech qanday yordam so‘ramaganmiz. Ammo hozirgi vaziyat boshqacha. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi fuqarolar yordam olish uchun 1197 yoki vazirlik nomeriga telefon qilishi mumkinligini aytishganini eshitib, bir kun davomida ikkala nomerga ham telefon qildim, ammo 1197ga umuman bog‘lanib bo‘lmadi, ikkinchi aytilgan nomer esa gudok ketsa ham ko‘tarmadi va band qilib qo‘yishdi. 5 oydan beri daromaddan ayrilganmiz. Biz bilan mahallaning ham ishi yo‘q. 5 oy davomida xech qanday yordam bo‘lmadi».

«Koronavirus bemorlariga qarayotgan tibbiyot xodimlariga rag‘batlantirish puli to‘lanmayapti»

Navoiy shahridan Obidjon: «NTMK korxonasiga qarashli 27-shifoxonada koronavirus bemorlariga qaraydigan hamshira-yu sanitarkalarga Prezident va'da qilgan pullar to‘lanmayapti. Bularni kimdir nazorat qiladimi?!»

«Toshkentdagi hamma SEO markazlariga telefon qilib chiqdim»

Qahramon: «Saytingizda «Koronavirus: O‘zbekistonda Janubiy Koreyaga qaraganda «deyarli ikki barobar ko‘p» test olinayotgani aytildi» nomli maqolangiz bo‘yicha undagi barcha SEOMlarga telefon qilib chiqdim. Afsuski, ko‘p tumanlarda raqamlar band bo‘ldi. Chilonzor va Uchtepa tumanlarida esa telefon qo‘ng‘irog‘iga hech kim javob bermadi. Barcha markazlarning telefon tarmoqlariga koll-markaz o‘rnatilishini taklif qilaman. Shunda telefon qilgan aholi ham telefon qilib o‘z navbatini biladi va kutib turish umidi bo‘ladi».

«Menda koronavirus aniqlangani haqidagi ma'lumotni tarqatib yuborishdi»

Namangan viloyati Uychi tumanidan Sobitxon: «7 iyul kuni ertalab soat 7:00larda tana haroratim ko‘tarilgani sababli tez yordam chaqirdim va Uychi tuman bolalar yuqumli kasalliklar bo‘limiga olib kelishdi. COVID-19 kasalligi bo‘yicha analiz olishdi. Ikki kundan so‘ng Uychidagi karantin zonasiga ko‘chirildim. U yerdan ertasi kuni menda COVID-19 infeksiyasi aniqlangani aytilib, viloyat kasalxonasiga olib kelishdi. Eng qizig‘i, bu haqda menga aytishlaridan oldin telegram tarmog‘i orqali tarqatib yuborilgan SES qarori tushirilgan rasm orqali o‘zim xabar topib bo‘lgandim. Barcha kasallikka chalinganlarning ism-shariflari sir saqlanayotgan, hattoki o‘lim holati qayd etilganda ham marhumlarning ism-familiyalarining bosh harflari e'lon qilinayotganda kimning qanday huquqi bor mening kasallikka chalinganimni ism-familiyalarim bilan oshkor qilishga?!»

«Statistikaga ortiq ishonmayman...»

Ulug‘bek: «8 iyul kuni Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida koronavirusdan ikki qarindoshim vafot etdi, lekin bu haqda hech qayerda aytilmadi. Demak, berilayotgan statistika yolg‘onligiga shaxsan amin buldim. Sizlardan haqiqiy ahvolga aniqlik kiritishlaringizni so‘rayman».

Qirg‘iziston bilan chegara qachon ochiladi?

Isoqjon: «Chegara orqali Qirg‘izistondan O‘zbekistonga 1 avgustga qadar odam o‘tkazishmas ekan. Nima qilsak bo‘ladi?»

«Hokimiyatning avvalgi ruxsatnomasi o‘tmaydi, deyishyapti»

Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidan Mahmudjon: «Biz oilaviy asalarichilik bilan shug‘ullanamiz. O‘zimiz Xorazmdanmiz, asalarilarimizni Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumaniga shu yilning bahorida ko‘chirgan edik va karantin paytida hokimiyat tomonidan berilgan ruxsatnoma bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga o‘tib yurgan edik. Lekin endilikda postdagilar «bu ruxsatnomangiz bo‘lmaydi, stikeringiz bo‘lishi kerak», deyishyapti. Hozir stiker olishning iloji bormi? Iloji bo‘lmasa, nima qilishimiz kerak? Kimga murojaat qilishimiz kerak?»

Gigiyena qoidalari va joylarda suv muammosi

Dinora: «Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida turaman. Bizning shaharda sovuq suv vaqti-vaqti bilan beriladi (ertalab 5:00dan 9:00gacha, tushda 12:00dan 13:00gacha, kechqurun 18:00dan 23:00gacha). Issiq suv umuman bo‘lmaydi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari esa obdastadan foydalanmaslikni maslahat bergan. Bunday sharoitda qanday qilib obdastadan foydalanmaslik mumkin?!»

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top