13:31 / 17.07.2020
33404

Chust tumani hokimi o‘zgardi

Namangan viloyatining Chust tumani hokimi o‘zgardi. Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Bekzod Hamdamov tumanning yangi hokimi sifatida tanishtirilgan.

7 iyul kuni Xalq deputatlari Chust tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Chust tumani hokimi bo‘lib ishlab kelgan Bahodir Oxunov o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Sessiyada ishtirok etgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Chust tumani hokimi lavozimiga Bekzod Hamdamov nomzodini taklif qilgan. Deputatlar ushbu nomzodni ma'qullagan.

Bekzod Hamdamov 1979 yilda Mingbuloq tumanida tug‘ilgan. 2001 yilda Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti, 2008 yilda esa Soliq akademiyasi magistraturasini tamomlagan.

U muqaddam «Yuksalish» umummilliy harakati Namangan viloyat bo‘linmasi rahbari lavozimida faoliyat yuritgan, 2020 yil boshidan buyon Mingbuloq tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Bahodir Oxunov Chust tumaniga 2016 yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi. Uning keyingi faoliyati haqida hozircha ma'lumot yo‘q.

Mavzuga oid
Top