16:28 / 17.07.2020
11023

Ilk lavozimga tayinlangan 22 nafar sudya qasamyod qildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan Plenumda ilk bor lavozimga tayinlangan sudyalar qasamyod qabul qilishdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Oliy sud

Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan tadbirda viloyat sudlari raislari, sudyalar va mas'ul xodimlar ishtirok etdi.

Tadbirda ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan 22 nafar sudyaning qasamyodi eshitildi.

Oliy sud sudyasi, Plenum kotibi I.Alimov ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan sudyalar va ularning mehnat faoliyatiga oid ma'lumotlarni o‘qib eshittirgach, sudyalar qasamyod qilishga kirishdi.

– Bugun Sizning hayotingizda unutilmas kun, – dedi Oliy sud raisi o‘rinbosari I.Muslimov. – Siz bugun – sud hokimiyatining Oliy organi Oliy sud Plenumida, davlatimizning bayrog‘i oldida tantanali ravishda qasamyod qabul qildingiz. Ishonamanki, bugun qabul qilgan qasamyodingiz mazmun-mohiyatini to‘la anglab yetib, oldingizga qo‘yilayotgan talablarga faoliyatingiz davomida qat'iy amal qilib, muhtaram Prezidentimizning, Sudyalar oliy kengashi va Oliy sudning bildirgan yuksak ishonchini to‘liq oqlaysiz, bu sharafli ishda sizlarga muvaffaqqiyat tilayman.

– Judayam hayajondaman, – deydi ilk bor sudyalikka tayinlangan sudya N.Ziyayeva, – ko‘p yillar Oliy sudda mehnat qildim. Mana bugun sudyalik maqomiga erishdim. Bundan xursandman. Zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, xolis va adolatli bo‘lishga harakat qilaman.

Tadbirda so‘zga chiqqan ota-onalardan vakil Haydarali Muhamedov ilk marta tayinlangan sudyalarga o‘z faoliyatlarida faqat qonunga tayanishni, halol va vijdonan mehnat qilishlari lozimligi haqida tilak bildirdi.

Tadbirda ilk lavozimga tayinlangan sudyalarga guvohnoma va Sudyalarning odob-axloq kodeksi, sudya Nuriddin Murodovning yaqinda nashrdan chiqqan «Fitna qurbonlari» hamda «Mening falsafam» kitoblari topshirildi.

Top