16:39 / 17.07.2020
55251

Qirg‘izistonda vaziyat og‘irlashdi: kasalxonalarda joy yo‘q, qarindoshlar dori izlamoqda

Qirg‘izistonda birgina iyul oyida Covid-19 bilan kasallanganlar soni to‘rt yarim barobarga oshdi, sog‘liqni saqlash tizimi yuklamani qabul qilishda qiynala boshladi, deputatlar ta'tilga ketishdi, ko‘plab insonlarda vahima boshlandi.

Bishkekda to‘qqizta statsionar ochildi / REUTERS

BBC muxbiri Nargiza Risqulova kasallikni boshdan kechirganlar va yaqinlarini yo‘qotgan ayrim kishilar bilan suhbat qurgan.

33 yoshli Gulnora hamkasblari bilan bir yarim oylik karantindan qaytib ishga chiqqanidan hafta o‘tmasdan Covid-19 yuqtirib oldi. Gulnoraning vazifasi shartnomalar tuzish va mijozlar bilan muzokaralar olib borishdan iborat. Ulardan biri koronavirusga testi musbat chiqqanini aytadi.

«Biz shokda edik, u aslo yo‘talmagan, aksirmagan edi. Ma'lum bo‘lishicha, u kasallikni simptomsiz kechirgan, — deya hikoya qiladi Gulnora. — Holbuki, ofisimizda niqob va qo‘lqopda yurish majburiy edi, ularni o‘z-o‘zimiz qolganda yoki tushlik qilgandagina yechardik. Bu mijoz ofisimizga tez-tez kelib turar, hattoki bir necha bor biz bilan tushlik ham qilgan edi. Undan yuqtirgan bo‘lishimiz ehtimoli katta».

Bishkekdagi masjidga kirishda harorat o‘lchanmoqda / EPA

Gulnora Qirg‘izistonda Covid-19 boshlanganidan to‘rt oy o‘tib kasallandi. Dastlabki uch zararlanish mart oyi boshlarida Saudiya Arabistonidan umradan uchib kelgan ziyoratchilarda aniqlangandi. O‘shanda Covid-19’ga qarshi kurashuvchi respublika shtabi bu uch kishi uy karantini qoidalariga rioya qilmasdan 150dan ziyod inson bilan aloqa qilgani, shu sabab ularni yakkalab, testdan o‘tkazish kerakligini aytgan edi.

Qirg‘iziston qo‘shnilari Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi mart oyining oxirlarida havo chegaralarini yopib, butun mamlakat bo‘ylab qat'iy cheklovlarni joriy etdi.

Mamlakatning uch yirik shahri Bishkek, O‘sh va Jalolobodda, shuningdek, bir necha tumanlarda favqulodda holat rejimi hamda komendantlik soati joriy etildi. Mahalliy aholiga zaruratsiz uyni tark etmaslik tavsiya etildi. Ko‘plab korxonalarning xodimlari masofadan ishlashga o‘tdi, jamoat transporti va taksi faoliyati to‘xtatildi, mamlakatdagi barcha o‘quv dargohlari va bolalar bog‘chalari qariyb ikki oyga yopildi. Komendantlik soatini buzganlar ushlanib, jarimaga tortildi.

Iqtisodiy krizis

Bunday qat'iy choralar Qirg‘izistonga qimmatga tushdi: soliq tushumlari o‘n martalab kamayib ketdi. Budjet taqchilligi beshdan bir qismini yo‘qotib, misli ko‘rilmagan 37 mlrd so‘mga yetdi (500 mln dollarga yaqin). Iqtisodiyot vazirligi prognoziga ko‘ra, yil yakunlariga ko‘ra mamlakatni mintaqadagi eng keskin YaIM tushishi kutmoqda — minus 5,3 foizgacha. Bunaqa krizisni Qirg‘iziston faqat 1990-yillarda ko‘rgan.

EPA

May oyida karantin yumshatilgach, SSV o‘z harakatlarini muvaffaqiyatli deb atadi, chunki 6,5 million aholiga 1002ta kasallanish holati qayd etilgan, o‘limlar soni 12tani tashkil etardi. Kasallanganlarning ko‘pchiligi boshqa davlatlardan kirib kelgan edi, jumladan, Rossiyadan.

Qirg‘iziston cheklovlarni sekin-asta, bir oy davomida yumshata boshladi: birin-ketin iqtisodiyotning barcha sohalari, jamoat transporti va bozorlar faoliyatiga ruxsat berildi. O‘shanda Covid-19’dan zararlanish holatlari 2 mingga chiqdi.

Biroq, iyun oyida — barcha cheklov choralari bekor qilingach, yuqtirganlar soni geometrik progressiya bo‘yicha o‘sa boshladi: karantin chog‘ida kuniga 25-80 nafar kasal aniqlanayotgan edi, iyun o‘rtalaridan ba'zi kunlarda yangi holatlar soni 300dan 700ga chiqdi.

Ayni kunlarda butun shahar bo‘ylab «tez yordam» mashinalarini sirenalari tinmayapti, odamlar sarosimaga tushib qolgan.

«Men o‘tirib olib yig‘lardim»

SSV tomonidan Covid-19 yuqtirganlar uchun ajratilgan 2 mingta o‘rin yetishmasligi kundek ravshan bo‘lgach, kasallikni yengil va o‘rtacha yengil shaklda kechirayotganlarga vrachlar uyda davolanishni tavsiya eta boshlashdi. Yangi o‘rinlar boshqa kasalxonalar va korxonalarda ochila boshladi.

AFP

Gulnora ham kasallikni osongina kechirish mumkin deb o‘ylardi. Dastlabki uch kun u SSVning «118» shoshilinch raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Covid-19 yuqtirgan kishi bilan aloqada bo‘lganini xabar bermoqchi edi. Shu vaqt ichida u har ehtimolga qarshi xususiy laboratoriyaga tahlil topshirgan.

«Mening natijalarim manfiy chiqdi. Lekin ikki kun o‘tib mazam qocha boshladi: isitmam ko‘tarildi, yo‘tal tutdi, suyaklarim qaqshab og‘rirdi. Men esa oddiy shamollashdek davolana boshladim, S vitamini va suv ichdim», — deydi Gulnora.

U uchastka vrachi huzuriga bora olmadi. SSV tomonidan tashkil etilgan mobil brigadalar hammaga ham qarashga ulgurolmayotgan edi. Test topshirganidan 5 kun o‘tibgina laboratoriyadan qayta qo‘ng‘iroq qilib, undan Covid-19 topilganini aytishgan.

«Menga ko‘p kasallardan tahlil olingani tufayli adashib ketishganini tushuntirishdi va menga noto‘g‘ri tahlil jo‘natishgan ekan, — deb eslaydi Gulnora. — Ularning qo‘ng‘irog‘idan so‘ng vahimaga tushib qoldim, men bu xato natija tufayli bir haftadan beri bemalol ishga qatnab yurgandim, hattoki dam olish kunlari qarindoshlarimni ham ziyorat qilgandim. Men yana jon holatda «118»ga qo‘ng‘iroq qila boshladim, ular esa yuzinchi urinishimda go‘shakni ko‘tarib, hech narsada yordam bera olmasliklari, «tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qilishim kerakligini aytishdi. Elliginchi martada «tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qilib tushdim, ular esa ikki kunlardan so‘ng navbatim kelishini, shunda ham yonimga birrovga kelib ketishlari, kasalxonaga yotqizish haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emasligini aytishdi. Men hech qachon o‘zimni bu qadar yolg‘iz va tashlandiq his qilmagandim. Men bir qo‘limda telefon, ikkinchisida Covid-19’ga musbat natija bilan o‘tirib, yig‘lardim».

O‘z-o‘zini davolash

Avval Qirg‘izistonda koronavirusga test topshirish faqat vrach yo‘llanmasi bilan, patsiyent kasallangan inson bilan aloqada bo‘lgan bo‘lsagina o‘tkazilardi. Biroq, iyundan boshlab istalgan kishi xususiy laboratoriyalarda test topshirishi mumkin.

 

Foto: Reuters

 

Shundan beri qirg‘iz ijtimoiy tarmoqlari e'lonlar taxtasiga o‘xshaydi. Kasallar va ularning qarindoshlari internetda va dorixonalarda mashhur dorilarni — oddiy paratsetamoldan tortib, kislorod konsentratlari (atmosferadan kislorod ajratib oluvchi apparat) qidira boshlashdi. Odamlarning aksariyati o‘zlari davolanishmoqda, ayrimlar Telegramda onlayn maslahat berayotgan ko‘ngilli vrachlarga murojaat qilishgan.

Gulnora ham tanish do‘xtirdan telefon orqali tavsiyalar oldi, biroq ikki haftadan so‘ng uning ahvoli yanada og‘irlashdi. Shunda u xususiy klinikalardan biriga borib o‘pkasini rentgenga tushirdi. Ma'lum bo‘lishicha, unda ikki tomonlama zotiljam rivojlanib, o‘pkaning 30 foizini zararlagan. Nafas olishim soat o‘tgan sayin og‘irlashayotgani bekorga emaskan, deydi u.

Qirg‘izistonda kasallanish darajasi iyul oyi boshida keskin ko‘paydi. O‘shanda respublika shtabi Covid-19’ning vafot etganlar bilan bir qatorda kasalxonadan tashqari zotiljamdan o‘lganlar sonini xabar qila boshladi. Iyul oyining dastlabki 13 kunida o‘lganlar soni 372 nafarni tashkil etdi, holbuki rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra mamlakat bo‘ylab koronavirusdan o‘lganlarning jami soni 167 nafar bo‘lgan.

O‘pkasi shamollashidan vafot etganlarda koronavirusga test manfiy chiqqan. Biroq JSST vakili Maykl Rayan yaqinda mintaqadagi bir necha davlatlarda shunday tendensiya kuzatilayotgani, bunday o‘limlarga sabab noto‘g‘ri tashxislangan Covid-19 bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgan.

JSST bayonotidan so‘ng Qirg‘iziston SSV kasalxonadan tashqari zotiljam statistik holatlari endi koronavirus ko‘rinishi deb tan olinishi haqida e'lon qilgan.

Vrachlar betob

Kasallikning keskin avj olishi sharoitida tibbiyot xizmatchilariga ayniqsa qiyin bo‘lmoqda. 12 ming kasaldan har oltinchi kishi sog‘liqni saqlash sohasida mehnat qiladi — bu ikki ming kishi degani. Birgina 14 iyul kuni vrachlar va hamshiralar o‘rtasida 105 nafar Covid-19 yuqtirganlar aniqlangan.

Bishkekdagi kunduzgi statsionarlardan birida. Foto: EPA

Tibbiy xizmatchilar intensiv tarzda ortiqcha ishlash, yomon sharoitlar va individual himoya vositalari yetishmasligidan kasallana boshlashdi. Vositalar infeksiya tarqalishining boshlanishida ham fojiali tarzda yetishmasdi, natijada ko‘plab vrachlar kasallik ta'tiliga chiqib ketgan edi.

Masalan, Covid-19 va kasalxonadan tashqari zotiljam tashxisi bilan 450 kishi yotgan Bishkekdagi milliy gospitalda 145 vrach davolanmoqda. Ularning orasida sog‘liqni saqlash vaziri Sobirjon Abdikarimov va bosh sanitariya vrachi Nurbolot Usenboyev ham bor.

Gulnoraning esa omadi bor ekan: Bishkekdagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi vrachi bilan qarindoshlaridan biri tanish ekan, u nafas olishga qiynala boshlagach, shifoxonaga yotqizildi. Biroq, shifoxonalar to‘lib ketganidan, ko‘pchilikka yordam berishning imkoni bo‘lmadi. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, zotiljamga chalingan ikki kishi poytaxt shifoxonalarining ostonasida jon bergan.

To‘lib ketgan shifoxonalar

27 yoshli Nuroyim va uning 50 yoshli onasi shifoxonaga yotish uchun ozmuncha ter to‘kishmadi. Kasalxonaning abgor holati haqida qiz Tvitterida yozib chiqdi, uning hikoyasi keng muhokama etildi.

«Bizni nihoyat qabul qilishmoqda. Kuzatuvchisiz 5-qavatga borib, istalgan ochiq palataga kirib yotishimiz mumkin ekan. Lift og‘ir ahvoldagi kasallar ortilgan aravalar bilan band. Ikkita chamadon uchun pastga tushib, uni yana beshinchi qavatga olib chiqyapman. Bir soatgina avval ochilgan bo‘limda allaqachon 30 bemor to‘plandi», — deb yozadi Nuroyim.

Nuroyim bir vrach ikki hamshirasi bilan ayrimlari o‘pkaga sun'iy nafas beruvchi qurilmalarga, yana ba'zilari kislorod konsentratorlariga ulangan 30 bemorga qarayotganini tasvirlab bergan. U og‘ir ahvoldagi yetti bemorga 5ta nafas beruvchi apparat borligini, bir necha kishi ko‘z o‘ngida o‘lganini tasvirlagan.

Vazirlik 15 iyulga kelib, sog‘liqni saqlash muassasalarida 220 dona sun'iy nafas berish apparatlari yetishmasligini rasman aytib chiqdi.

Pandemiya boshlanishi avvalida SSV koronavirusga qarshi kurashish uchun maxsus hisob raqam ochgan edi. Unga donorlar, xalqaro tashkilotlar, shuningdek oddiy fuqarolar ham mablag‘ ko‘chirib berishgan. To‘plangan 321,2 mln dollarning katta qismini (170 mln dollari) hukumat vrachlar va o‘qituvchilarga maosh va pensiyalar to‘lashga yo‘naltirdi. Koronavirusga bevosita kurashish uchun 2,2 mln dollar sarflandi. 148 millioni esa haligacha ishlatilmay turibdi. Qat'iy karantin joriy etilgan boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, Qirg‘izistonda lokdaun chog‘ida birorta maxsus shifoxona qurilmadi, vrachlar maxsus o‘qitilmadi.

Kunduzgi statsionlarlar

Kasallanish holatlari keskin avj olishi qo‘shni Qozog‘iston va O‘zbekistonda ham kuzatilmoqda. U yerdagi hukumatlar og‘irlashgan epidemiologik vaziyatdan utfayli ikkinchi karantinni joriy etishdi, biroq Qirg‘iziston prezidenti mamlakat yana bir bor o‘z iqtisodiyotini falaj qila olmasligini aytdi.

 

Bishkekdagi kunduzgi statsionar. Foto: «SOOBSHCHA»

 

Buning o‘rniga hukumat bir qator cheklash choralarini joriy etdi, masalan, jamoat transporti endi faqat tig‘iz vaqtlarda ishlaydi. Bu esa avtobus va yo‘nalishli taksilar to‘lib ketishiga sabab bo‘ldi.

1 iyulda hukumat kasalxonadagi o‘rinlar ham, o‘pkaga sun'iy nafas berish apparatlari ham yetishmasligini tan oldi va kasalxonalarga yuklamalarni kamaytirish maqsadida kunduzgi statsionarlar ochishga qaror qildi.

Bishkekdagi to‘qqizta turli obektlarda, jumladan, sport saroyi, hattoki sobiq nonvoyxona binosida shunday markazlar ochildi. Ular asosan ukol olishga muhtoj bemorlarga mo‘ljallangan.

Karavotlar, uskunalar va preparatlar uchun butun jahon bo‘ylab pul yig‘ildi — qirg‘iz biznesmenlari o‘z mehmonxonalarini taklif qilishdi, o‘pkaga sun'iy nafas yuborish qurilmalariga mablag‘ kraudfanding yordamida to‘plandi. Beminnat yordam berish uchun volontyorlar, ordinatorlar, tibbiyot instituti talabalari shoshilishdi.

«Ikki kunda virus bor budimdan ayirdi»

Gulnora shifoxonaga yotqizilishdan avval bunday statsionarda ikki kun yotgan. U buni qo‘rqinchli tushdek eslaydi. Statsionarga nafaqat kasallikni yengil kechirayotganlarni, o‘layotganlarni ham keltirishardi, deb eslaydi u.

 

Foto: EPA

 

«U yerga odam oqib kelishi to‘xtamasdi. Kimdir nafasi tiqilib qolgan qarindoshini keltirib, kislorodga ulab, o‘zlari esa butun shahar bo‘ylab dori izlab ketardi. Ko‘zimning o‘ngida shunday bemorlardan biri nafas ololmasdan o‘ldi», — deb hikoya qiladi Gulnora.

Statsionarlar ishlashining birinchi haftasida u yerda yetti kishi o‘lgan. Ulardan biri — meditsina institutining 21 yoshli talabasi Odinoy Murzabekova mehmonxonada qilingan statsionarning volontyori edi. Hamkasblarining aytishicha, unga o‘z vaqtida yordam ko‘rsata olishmagan, chunki mobil shifoxonada reanimatsiya bo‘lmagan.

42 yoshli Svetlana pandemiya chog‘ida ham onasidan, ham otasidan ajragan. Avvaliga kasalxonada onasi vafot etgan: insultga chalingan ayolda kasallik juda tez avj olgan. Keyin kunduzgi statsionarga eltayotgan «tez yordam» mashinasida otasi — uni yotqizishga ham ulgurishmagan.

«Onam bir sutka ichida tamom bo‘ldi. Uni dafn etganimiz hamono otamga kasal tegdi, — deydi Svetlana. — Men chopa-chop qilib, kasalxonalarga qo‘ng‘iroq qila boshladim, birortasida joy yo‘q edi. Otam og‘irlashib qolgach, «tez yordam» chaqirdik, uni mashinaga ortib kasalxonama-kasalxona 5 soat kezdik. Kimdir kunduzgi statsionarda o‘pkaga nafas beruvchi qurilma bor dedi, biz yo‘lga tushganimda otam nafas olmay qo‘ygandi. Bir kunda koronavirus hamma yaqinlarimdan ayirdi».

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top