18:17 / 17.07.2020
59781

Sobiq mudofaa xodimi va uning rafiqasiga sud hukmi o‘qildi. Ular Rossiya foydasiga josuslik qilgani aytilgandi

O‘zbekiston Harbiy sudi sobiq mudofaa xodimi A. Yarbabayev va uning rafiqasi Ye. Yarbabayevani davlatga xoinlik qilganlikda aybdor deb topdi. A. Yarbabayevga 11 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Uning turmush o‘rtog‘i esa 3 yilga sinov muddati belgilangan holda shartli ravishda jazodan ozod etildi.

Oliy sud matbuot xizmati davlatga xoinlik qilganlikda ayblangan er-xotinga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar berdi. 

«2020 yil 15 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 157-moddasi (davlatga xoinlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan A.Yarbabayev va Ye.Yarbabayevalarga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.

Bir necha oy davom etgan yopiq sud majlisida guvohlar va sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari tinglanib, tahlil qilindi. Tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning keltirgan vajlari tekshirildi. Sud hay'ati jinoyat ishi materiallarini har tomonlama o‘rganib chiqib, sudlanuvchi A.Yarbabayev va Ye.Yarbabayevalarni yuqoridagi jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hay'ati sudlanuvchilarga nisbatan jazo tayinlashda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va jinoyat qonunchiligida belgilangan insonparvarlik va adolat tamoyillariga asoslandi. Jumladan, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchilarning shaxsi, oilaviy ahvoli kabi jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar e'tiborga olinib, A.Yarbabayevga 11 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu ish bo‘yicha sudlangan Ye.Yarbabayevaga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, Ye.Yarbabayevaning tergov va sudda jinoyatlarni fosh etishga faol yordam berganligi va ishdagi boshqa javobgarligini yengillashtiruvchi holatlarni e'tiborga olib, sud aybdorga tayinlangan jazoni o‘tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan qat'iy fikrga kelib, insonparvarlik va odillik tamoyillariga asoslanib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llanib, 3 yilga sinov muddati belgilangan holda shartli ravishda jazodan ozod etildi», deyilgan Oliy sud rasmiy saytida.

Repost.uz saytida yozilishicha, Yarbabayev O‘zbekiston Qurolli kuchlari bosh shtabida bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan. Er-xotinlar o‘tgan yil iyul oyida qo‘lga olingan. OAVda Yarbabayeva va rafiqasi Rossiya foydasiga josuslik qilgani yozilgan.

Oldinroq O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti sobiq direktori Rafik Sayfulin 12 yilga qamalgandi. Unga ham aynan davlatga xoinlik ayblovi qo‘yilgan.

Top