17:07 / 17.07.2020
8160

Toshkent uchun sun'iy nafas berish apparatlari, «Damas»lar va boshqa resurslar sotib olindi

Koronavirusga qarshi kurash uchun Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalariga qo‘shimcha resurslar sotib olindi.

Shahar hokimligi xabariga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:

40 dona SO‘V qilish apparatlari
120 dona bolalar uchun va 80 dona kattalar uchun SIPAP-apparatlari
70 mingta kombinezon
70 mingta niqob
20 mingta baxila
5 mingta qalpoq3 mingta ko‘zoynak
150 mingta qo‘lqop xarid qilingan.

Shuningdek, 50 dona «Damas» rusumli avtomobillar xarid qilingan bo‘lib, ulardan 25tasi tez tibbiy yordam xizmatiga, 23tasi tumanlar SEOMlariga, 2tasi ruhiy kasalliklar shifoxonalariga taqsimlanadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi holatga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektorda poytaxtdagi vaziyatni sharmandalik deb baholagan edi.

Yig‘ilishda ma'lum qilingandiki, Toshkent shahrida uch kun ichida tez tibbiy yordam xizmati o‘z vaqtida yetib bormagani uchun turli kasallik bilan murojaat qilgan 43 kishi bevaqt vafot etgan.

Selektordagi topshiriqlardan kelib chiqib, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev endilikda tez yordam uzog‘i 15 daqiqada yetib borishini, «103»ga qo‘ng‘iroq qilganda uzoq vaqt band bo‘lish holatlariga mutlaqo chek qo‘yilishini aytgandi.

Yig‘ilishda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga hayfsan e'lon qilingan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top