18:00 / 18.07.2020
11056

AQSh harbiy-dengiz floti ofitseri Rossiyaga maxfiy ma'lumotlar berganlikda ayblanmoqda

Charlz Briggs Porsmutdagi harbiy-dengiz tibbiyot markazida axborot va texnologiyalar sohasida ishlagan.

Foto: Getty Images

AQSh harbiy-dengiz floti ofitseri Charlz Briggs Rossiya fuqarosiga maxfiy ma'lumotlar taqdim etganlikda ayblanmoqda. Bu haqda The Virginian-Pilot nashri xabar berdi.

 Ofitser kelasi haftada harbiy sud oldida javob beradi. Uning qanday ma'lumotlarni berganligi va Rossiya fuqarosi bilan qanday tanishganligi haqida ma'lumot berilmagan.

Nashrning yozishicha, Briggs Porsmutdagi harbiy-dengiz tibbiyot markazida axborot va texnologiyalar sohasida ishlagan. Ofitser hukumat kompyuteridan ruxsatsiz foydalanib, tarqatish uchun maxfiy ma'lumotlarni olishda ayblanmoqda.

Tergov fikricha, bu ma'lumotlar «Qo‘shma Shtatlarga zarar yetkazishi yoki xorij fuqarosiga foyda keltirishi mumkin». 

 Qayd etilishicha, Briggs Rossiya va Italiya fuqarolari bilan aloqada ekanligi haqida aytmagan, xorij fuqarolari bilan aloqada bo‘lmaganligi haqida yolg‘on ma'lumot bergan.

Top