20:23 / 18.07.2020
5807

To‘qayev hukumatni COVID-19ga qarshi kurashdagi sustkashligi uchun tanqid qildi

Qosim-Jo‘mart To‘qayev barcha muammolar ishni noto‘g‘ri rejalashtirishdan kelib chiqishini ta'kidlar ekan, buni o‘taketgan noprofessionallik deb atadi.

Foto: akorda.kz

 Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha komissiya yig‘ilishida hukumat va hududlar rahbarlarini ishdagi kamchiliklari uchun tanqid qildi. Bu haqda mamlakat prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

 "Hisobotlarga ko‘ra, vaziyat nazorat ostida. Ammo aslida bunday emas. Men ma'muriyatga butun mamlakatdagi dori sotish chakana tarmoqlarini tekshirish topshirig‘ini berdim. Natijalar quvonarli emas. G‘arbiy Qozog‘iston, Atirau, Jambil va Qarag‘anda oblastlari, Nur-Sulton va Almatida dorilar tanqisligi va navbatlar saqlanib qolmoqda, hayotiy muhim dorilar narxi oshib ketganligi aniqlanmoqda. Qora bozor gullamoqda", - dedi To‘qayev. 

Uning ta'kidlashicha, statistika va tahlildagi chalkashliklar, samarasiz rejalashtirish natijasida hududlar zarur dori vositalari hajmini aniqlay oladigan holatda emas.

To‘qayev barcha muammolar ishni noto‘g‘ri rejalashtirishdan kelib chiqishini ta'kidlar ekan, buni o‘taketgan noprofessionallik deb atadi.

Iyul oyi boshida Qozog‘istonda vaziyat yomonlashgani tufayli qayta karantin joriy etildi. 13 iyul kuni esa mamlakatda koronavirusdan vafot etganlar xotirasi uchun motam kuni e'lon qilindi.

Mamlakatda koronavirus yuqtirganlar soni 69 mingga yaqinlashgan, 375 kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top