22:57 / 19.07.2020
50981

Asr oxiriga borib tug‘ilish kamayishi dunyoda nimalarni o‘zgartirishi mumkin?

Yakunlanayotgan haftada o‘tkazilgan bir tadqiqot tug‘ilish darajasi insoniyat kelajagiga ta'sir qiladigan darajada pasayganini ko‘rsatdi. Bu biz bilgan dunyoni tubdan o‘zgartirib yuboradigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Foto: Getty Images

Vashington universitetining sog‘liqni saqlash statistikasi bo‘limi (Institute for Health Metrics and Evaluation) mutaxassislarining taxminiga ko‘ra, Yer yuzi aholisi 2064 yilda o‘zining eng yuqori ko‘rsatkichiga – 9,7 milliard kishiga yetadi, shundan so‘ng ular soni asta-sekin pasayib, asr oxirida 8,8 milliard kishini tashkil qiladi.

Qayd etilishicha, tadqiqotchilar dunyodagi tug‘ish koeffitsiyenti (bir ayol hayoti davomida dunyoga keltira oladigan bolalar soni) o‘zgarishini tahlil qilib shunday xulosaga kelgan. Xususan, 1950 yilda bu ko‘rsatkich 4,7 bo‘lgan bo‘lsa, 2017 yilda ikki baravar kamayib 2,4 ni tashkil etgan.

Mutaxassislar 2100 yilga borib tug‘ish koeffitsiyenti 1,7 gacha tushib ketishini prognoz qilmoqda. Olimlar agar ushbu koeffitsiyent 2,1 dan tushib ketsa, Yer yuzi aholisi qisqara boshlashiga e'tibor qaratgan.

1. Qashshoq davlatlar uchun ijobiy bo‘lishi mumkin

Yaqin vaqtlar ichida dunyo aholisi yoppasiga keksayishi kutilmoqda / Getty Images

Holat dunyoning turli qismlaridagi segmentlarga turlicha ta'sir ko‘rsatadi. Tug‘ilishning pasayishi, aslida, iqtisodiy rivojlanish bilan chambarchas bog‘liq. Bu holat kambag‘al mamlakatlarda ayollarning ta'lim va ish hayotida ko‘proq ishtirok etishini, ish topishda imkoniyatlari kengayishini, tug‘ilishlar soni nazorat ostiga olinishini anglatadi.

Shunday qilib, kam daromadli mamlakatlar uchun tug‘ilish darajasi yuqori turmush darajasini ifodalashi mumkin. Aytish mumkinki, har bir bola uchun daromad ulushining oshishi bilan sog‘liq va ta'lim imkoniyatlari ham yaxshilanadi. Biroq ushbu pasayishning davom etishi tug‘ilish ko‘rsatkichi yillar davomida pasayib borayotgan mamlakatlar uchun yangi muammolarni keltirib chiqaradi.

Ushbu mamlakatlarning o‘rtacha yoshi oshib borishi natijasida mehnat bilan shug‘ullana oladigan faol aholi soni va soliqlar kamayib ketishi mumkin. Hukumatlar o‘sib borayotgan yoshi katta aholiga g‘amxo‘rlik qilish uchun qanday ishlarni amalga oshirish xususida bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi.

2. Nafaqaga chiqish yoshi oshishi mumkin

Foto: Getty Images

Odamlar nafaqaga chiqish uchun uzoqroq muddat ishlashiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Aholining qarishi bilan bog‘liq eng katta xavotirlardan biri – ushbu qatlamga mansub insonlarning kasallikka ko‘p chalinish ehtimolidir. Biroq tibbiyot va fanning rivojlanishi bilan odamlarning umr ko‘rish davomiyligi oshib bormoqda. Bu bilan parallel ravishda «sog‘lom umr ko‘rish» umidi ham ortmoqda.

Urush kabi favqulodda holatlarni boshdan kechirayotgan mamlakatlardan tashqari dunyoning turli nuqtalarida tug‘ilgan chaqaloqlar yigirma yil avvalgi, ya'ni 2000 yilda tug‘ilgan chaqaloqlarga nisbatan besh yil ko‘proq umr ko‘rishi taxmin qilinmoqda.

Masalan, Ruandada yangi tug‘ilgan chaqaloqning sog‘lom umr ko‘rish darajasi 2000 yilda tug‘ilganlarga qaraganda o‘rtacha 22 yil uzaydi.

Buyuk Britaniya, Germaniya va AQSh kabi aholi jon boshiga daromadlari yuqori bo‘lgan mamlakatlarda ayni paytda sog‘lom umr ko‘rish ko‘rsatkichi bir yildan uch yilgacha oshdi.

Shu bois, Oksford professori Sara Harper odamlarning keksayishi bilan bog‘liq tashvishlarni bo‘rttirmaslik kerakligini aytmoqda. «Keksa insonlarning sog‘ligi 20-30 yil oldingilariga qaraganda ancha yaxshi, ular uzoq umr ko‘rishi, ishlashi va juda faol hayot kechirishi mumkin», deydi Harper.

Bunga qo‘shimcha o‘laroq, Oksford universiteti doktori Hanna Ritchi 50 yildan so‘ng ish sharoitlari butunlay o‘zgarishi mumkinligini hisobga olish kerakligini ta'kidlamoqda.

3. Hukumatlar chegaralarni ochishga majbur bo‘lishi mumkin

Tug‘ilish darajasi va umr ko‘rish davomiyligi mamlakatlar aholisining ko‘payishi yoki kamayishini belgilovchi ikki muhim elementdir. Migratsiya esa bu qatorga uchinchi element sifatida qo‘shiladi.

Aholi soni kamayib ketayotgan va millati qariyotgan mamlakatlar boshqa davlatlardan yoshlarni jalb qilishga majbur bo‘lishlari mumkin. Natijada biz yashayotgan dunyo migratsiya sur'ati tezlashgan, etnik va madaniy jihatdan qorishiq makonga aylanadi.

4. Ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash kuchayishi mumkin

Foto: Getty Images

Hukumatlar tomonidan aholi soni o‘sishini sekinlashtirish yoki tezlashtirish uchun qat'iy choralar ko‘rish holatlari tajribada bor. Masalan, so‘nggi yillarda bola parvarishi uchun ota-onalarga uzoq muddatli ta'til beruvchi Skandinaviya mamlakatlarida tug‘ilish darajasi o‘sib bormoqda.

Shu sababli, aholisi kelajakda eng tez kamayishi kutilayotgan rivojlangan mamlakatlar ota-onalarni moddiy-ma'naviy qo‘llab-quvvatlash orqali tug‘ilishni ko‘paytirishga harakat qilishlari mumkin.

Shuningdek, hukumatlar pensiya yoshini oshirib, ishchilarni bola tarbiyalash uchun bir muddat ishdan bo‘shatishlari va ularga keyinroq bu muddatni kompensatsiya qilish imkoniyatini taqdim etishlari mumkin.

5. Kasalga qarovchi hamshiralar ham shifokorlarday kerakli insonga aylanadi

London iqtisod maktabi (London School of Economics) mutaxassisi doktor Tiziana Leonening aytishicha, sog‘lom hayot qanchalik uzoq davom etsa, keksa aholi soni shuncha ko‘payib, ularni parvarishlashga bo‘lgan ehtiyoj ham o‘sadi.

Doktor Leone aholisi keksarib borayotgan mamlakatlarning sog‘liqni saqlash tizimi va ijtimoiy yordam tizimlari inqirozga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mamlakatlarda pediatrlar va akusherlarga ehtiyoj kamroq bo‘ladi, shuning uchun keksa yoshdagilarga g‘amxo‘rlik qiluvchi ishchilarni tayyorlash jarayonini hozirdan boshlash kerak.

6. Ekologik jihatdan ijobiy hol kuzatilishi mumkin

Professor Harperning fikricha, dunyo aholisi sonining kamayishi atrof-muhit va tabiiy hayot uchun yaxshi bo‘ladi.

Ammo doktor Ritchi iqlim o‘zgarishiga aholi sonidan ko‘ra ko‘proq iqtisodiy o‘sish ko‘proq ta'sir qilishi mumkinligini aytmoqda. Istiqbolda iqtisodiy hayot qanday shakllanishini oldindan aytish qiyin. Agar aholi kamayishiga qaramay, iste'mol ortib borsa, ekologiyaga jiddiy zarar yetishi mumkin.

Xuddi shunday, texnologiya taraqqiyotining qay yo‘nalishda borishi ham muhim ahamiyatga ega. Ya'ni atrof-muhitga yetkaziladigan zararni kamaytiruvchi texnologiyalarga sarmoya kiritish hamisha dolzarb bo‘lib qoladi.

Mavzuga oid
Top